Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlari tomonidan Misrdan diniy ekstremistik tashkilotlarda ishtirok etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxs ekstraditsiya qilindi. Bu haqda byuro axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur shaxs islom universitetida tahsil olish maqsadida Misrga borgan va yashirin yig‘ilishlarda qatnasha boshlagan, keyinchalik esa diniy ekstremistik oqimga a’zo bo‘lgan.

“U yerda o‘z tarafdorlarini ko‘paytirish maqsadida fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib etib, islom diniga qiziquvchi va Qohiraga o‘qish uchun kelganlar orasida targ‘ibot ishlarini olib borgan. Shu bois unga nisbatan ayb e’lon qilinib, u xalqaro qidiruvga berildi”, — deyiladi xabarda.

Bu jinoyatda gumonlanayotgan shaxsning Misrdan O‘zbekistonga birinchi marta ekstraditsiya qilinishi hisoblanadi.