Toshkentning Sergeli tumanida 36 yoshli Zafar J.ning KIA K5 rusumli avtomashinasida iyul oyi oxirida tarqatish uchun tayyorlangan sintetik giyohvandlik moddasi topildi, deya xabar qildi poytaxt IIB matbuot xizmati 8-avgust kuni.

Oq kukunsimon narkotik moddasi 48 ta o‘ramga qadoqlangan holatda bo‘lgan. Bundan tashqari, 20 dona “Regapen” tabletkalari va 6 dona “Zardeks” kapsulalari musodara qilingan.

Gumonlanuvchi eng yaqin ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan. Erkak ish e’lonnini Telegram orqali topganini ma’lum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Sergeli tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov davom etmoqda.

Ushbu moddaning ushbu qismidagi jazo 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni ko‘zda tutadi.