20-avgustdan boshlab Bishkekdagi avtobus va trolleybuslarda faqat naqd pulsiz hisob-kitoblar amalga oshiriladi. Bu haqda Qirg‘iziston poytaxti meriyasi e’lon qildi.

Yo‘lovchilar transport kartalari, kontaktsiz to‘lov funksiyasiga ega bo‘lgan barcha mahalliy banklarning kartalari va virtual NFC kartasi kabi bir necha usulda yo‘l haqini to‘lashlari mumkin bo‘ladi.

Bu so‘nggi uch yil ichida Bishkek meriyasining shahar jamoat transportini to‘liq naqd pulsiz to‘lovga o‘tkazish bo‘yicha uchinchi urinishdir. Oxirgi marta bunday o‘tish o‘tgan yozda rejalashtirilgan edi, ammo u shaharliklar iltimosiga ko‘ra qoldirilgandi.

Bishkek jamoat transportida “Tulpar” elektron chiptalar tizimi 2020-yilning mart oyida joriy qilingan. Loyiha Shveysariyaning BPC AG kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi va rasmiylar tomonidan e’lon qilingan tenderda g‘olib chiqdi.

Bishkek avtobus-trolleybuslarini elektron chiptalarga o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror 2018-yilda raqamlashtirish va shahar jamoat transportini “takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar” doirasida e’lon qilingan edi.

O‘shanda poytaxt meriyasi naqd pulda yo‘l kira to‘lash “transport harakatini kechiktirishi” va “daromadning katta qismi kassaga tushmasligi”ga sabab bo‘lishini ta’kidlagan edi. Rasmiylarning qayd etishicha, elektron chiptalar to‘lov tizimini shaffoflashtiradi va budjet daromadlarini oshiradi.