O‘zbekistonda hafta davomida ob-havo o‘zgarib turadi, harorat +37,+38 darajadan oshmaydi. Bu haqda O‘zgidromet matbuot xizmati xabar berdi.

Dam olish kunlari O‘zbekistonga Ural hududlaridan nam va nisbatan salqin havo tarqala boshladi. Respublikaning qator hududlarida biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib o‘tdi, ba’zi joylarda momaqaldiroq kuzatildi. Havo harorati hududning katta qismida +30…+35 darajagacha pasaydi. Bu holat dushanba va seshanba kunlari ham saqlanib qoladi.

Shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +37…+39 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.

Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, 7-avgust kunining ikkinchi yarmida Toshkent shahri va viloyati bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Ayrim joylarda shamol tezligi chang-to‘zon bilan 13−18 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Hafta o‘rtasida O‘zbekiston bo‘yicha havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati ko‘tariladi va +35…+37 daraja atrofida, janubda va cho‘l hududlarda +38…+39 darajagacha bo‘ladi. Ish kunlari oxiriga kelib, harorat foni yana +2…+3 darajaga pasayadi.