Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Vengriya mezbonlik qilayotgan Masters turniridagi ishtirokini yakunladi. Unda 23 yoshli Muzaffarbek To‘raboyev -100 kg vazn toifasida g‘alaba qozondi, deb xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati.

Musobaqani 2 karra Olimpiada va Jahon chempioni Lukash Krpalek ustidan qozonilgan g‘alaba bilan boshlagan To‘raboyev chempionlik yo‘lida Sheydi Elnaxas (Kanada), Mixael Korrel (Niderlandiya), Boyan Dosen (Serbiya) va Peter Palchik (Isroil) kabi sportchilarni yengdi.

Shuningdek, -90 kg vazn toifasida ishtirok etgan Davlat Bobonov bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ushbu muvaffaqiyat evaziga To‘raboyev 1800, Bobonov 900 reyting ochkosiga ega bo‘lmoqda.

E’tiborli jihati, yilda bir bora o‘tkaziladigan Masters musobaqasida O‘zbekistondan so‘nggi bor Rishod Sobirov 2011-yil g‘alaba qozongan. To‘raboyevning oltini o‘zbek dzyudosi uchun 12 yil kutilgan medal bo‘ldi.

Shu tariqa O‘zbekiston terma jamoasi bu yilgi turnirni 1 ta oltin va 2 ta bronza medallari bilan yakunlamoqda. Musobaqaning birinchi kunida Diyora Keldiyorova -52 kg vazn toifasida shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy olgan edi.