Iroq Aloqa vazirligi mamlakatda Telegram messenjeri bloklangani haqida ma’lum qildi, deb xabar berdi NINA agentligi 6-avgustdagi bayonotga tayanib.

Qaror hokimiyatning “mamlakat milliy xavfsizligi bilan bog‘liq” ko‘rsatmasi bilan “fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini saqlash” uchun qabul qilingan. Vazirlikning ta’kidlashicha, messenjer Iroq qonunlarini buzgan.

Shuningdek, xabarda aytilishicha, Telegram`dan bir necha bor “rasmiy davlat idoralari va fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari sizdiriluvchi platformalar”ni olib tashlash so‘ragan, biroq kompaniya bu so‘rovlarga javob bermagan.

“Aloqa vazirligi fuqarolarning so‘z erkinligi va kommunikatsiya huquqlariga hurmat bilan qaraydi. Ammo bu davlat va uning institutlari xavfsizligiga zarar yetkazmasligi kerak”, — deyiladi bayonotda.

Telegram Iroq rasmiylarining qaroriga hozircha izoh bermadi.

Iyul oyi boshida vazirlikning Raqamli media markazi Telegram`ni mamlakatda “firibgarlik va jinoiy sxemalarni rejalashtirish, o‘qitish va amalga oshirish uchun ideal platforma” deb atagandi.

Markaz messenjerda iroqlik foydalanuvchilar va davlat idoralari ma’lumotlarini sizdiruvchi va tovlamachilik bilan shug‘ullanuvchi o‘nlab kanallarni aniqlaganini, biroq servisning texnik ko‘magi ularni o‘chirish bo‘yicha so‘rovlarni “doimo e’tiborsiz qoldirishini” ta’kidladi.