UzAuto Motors Cobalt, Lacetti va Damas uchun shartnoma tuzish qayta tiklaganidan bir kuni o‘tib, jarayonni to‘xtatdi.

4-avgust kuni soat 17:30 da kompaniya avtomobillar uchun shartnomalar chiqarish qayta tiklangani va yangi konfiguratsiyalar joriy etilganini, 5-avgust kuni soat 15:57 da esa 2023-yil uchun qo‘shimcha partiyaga to‘liq shartnoma tuzilganini ma’lum qildi.

Bir sutkadan kamroq vaqt ichida ushbu transport vositalarini xarid qilish bo‘yicha 50 mingdan ortiq shartnoma tuzilgan.

“Shartnomalarning bir qismi bo‘yicha to‘lov o‘z vaqtida, 7 kalendar kundan keyin amalga oshirilmasa, ushbu shartnomalar yana qayta kontraktatsiya uchun ochiq bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avtomobillarni chiqarish vaqtini qisqartirish maqsadida kompaniyada ishlab chiqarish jadvaliga muvofiq sotish tizimi joriy etilmoqda. Kompaniya matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, yil oxirigacha ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan avtomobillar soni bo‘yicha shartnomalar tuziladi, ya’ni “2024-yilgacha kutish davriga o‘tishlar bo‘lmaydi”.

Juma kuni shartnoma ochilishidan bir necha soat o‘tgach, foydalanuvchilar saytda va ilovada shartnomalar yo‘qligini xabar qilishdi. Xaridorlarning ta’kidlashicha, shartnoma tuzish uchun uzun navbatlar paydo bo‘lgan dilerlik markazlari klassik oq va qora ranglar o‘rniga to‘q ko‘k va jigarrang kabi ranglardagi mashinalarni taklif qilgan.