Misrda 6-iyun kuni sodir bo‘lgan YTHda jabrlanib, og‘ir tan jarohati olgan O‘zbekiston fuqarosi ikki oydan so‘ng vataniga qaytarildi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Og‘ir tan jarohati olgan bemor Qohiradagi shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Uning o‘pkasida pnevmotoraks, tos suyagi va chap oyog‘ining sinishi, yuzi va tanasida ko‘plab gematomalar borligi aniqlangan.

O‘zbekiston elchixonasi xodimlari bemorning ahvolini birinchi kundanoq kuzatib borgan. U 12-iyun kuni Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida hukumatning insonparvarlik yordami sifatida Qohiradagi Nosir ilmiy-tadqiqot va davolash institutiga bepul davolanish uchun yotqizilgan. Taxminan ikki oy davomida kasalxonada bemor zarur tibbiy ko‘rik va tadqiqotlardan o‘tkazilgan.

5-avgust kuni fuqaro O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi, Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda o‘zbekistonlik mutaxassislar ko‘magida Sharm ash-Shayx -Toshkent reysi bilan O‘zbekistonga jo‘natilgan.

Elchixona Misrga borishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklarni oldindan tibbiy sug‘urta qilishga va chet elda qolish vaqtida ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi.