Senatning 4-avgust kuni bo‘lib o‘tgan qirq uchinchi yalpi majlisida yuqori palata raisi Tanzila Narbayeva xotin-qizlar va bolalarga nisbatan bo‘layotgan zo‘ravonliklar, zo‘ravonlarga chora ko‘rish masalalari to‘g‘risida gapirdi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

Tanzila Narbayevaning aytishicha, zo‘ravonlar albatta jinoiy javobgarlikka tortilishi, mahalla faollari ularning yonini olmasliklari kerak.

“Hozir ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan har bitta zo‘ravonlik holati: ayollar va bolalarning aziyat chekayotganiga chidab bo‘lmaydi. Bunday holatlarda aybdorlar tezkor jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak. Zulayho Bahriddinovna, mahalladagi faollaringiz hech qachon „arizangni qaytib ol“, „oilada bo‘ladi-ku“ degan [gaplarni aytmasligi kerak]. Qonun qabul qilindimi, o‘sha zo‘ravon javobgarlikka tortilishi, jazo olishi shart. Shuning uchun bu masalalar bo‘yicha siz ham mahalla faollaringiz bilan o‘quvlar o‘tkazishingiz kerak. Mahallada turib olib, faqat zo‘ravonning yonini olish holatlari bo‘lish kerakmas”, — dedi u.

Senat raisining so‘zlariga ko‘ra, hududlarda mas’ullar katta-katta maosh olmoqda, ammo ular kuzatuvchilik qilyapti, xolos.

“Prezident shuncha institutlarni ko‘paytirdi, mahallada beshlik qilib berdi. Hamma bir yoqadan bosh chiqarib ishlashi kerak-ku. Bir narsa bo‘lsa, u mening ishim emas, sudning ishi, bir narsa bo‘lsa, bu mening emas, ichki ishlarning ishi, deb turamiz. Bu kimning ishi unda? Bu hammamizning, jamiyatimizning ishi. Shuning uchun oxirgi paytlarda bo‘layotgan holatlarga chiday olmayapman. Hammalaringiz kuzatuvchi, nazoratchi bo‘lib qarab o‘tiribsizlar. Buni albatta prezident aytishi kerakmi? Hammaning vazifasi bu, hozir hamma katta-katta oylik olib o‘tiribdi joylarda. Prezident aytganidan keyin qimirlab qolishadi. Prezident yana boshqa joyga borib, boshqa masalani ko‘tarsa, bu masala esdan ham chiqib ketadi, boshqa masalaga kirishib ketadi. Bu qanaqa amaliyot bo‘ldi, qanaqa ish uslubi bo‘ldi?” — dedi Tanzila Narbayeva.

Yuqori palata raisi Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitalarining ushbu masaladagi ishlari talabga javob bermasligi, ular Oliy sud vakillariga yordam berishga kirishishlari kerakligini ta’kidladi.

“Qarab o‘tirmanglar, bu masalani keyingi hafta kengashimizning kun tartibiga olib chiqamiz. Gender masalaliri ichida buni alohida ko‘rib chiqamiz”, — dedi Narbayeva.