Samarqand viloyati Urgut tumanida 42 nafar fuqaro ovqatdan zaharlanib, shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabar qildi.

4-avgust kuni Urgut tumani “Jarqishloq” mahallasidagi “Toshpo‘lat ota” to‘yxonasida 2023-yil 3-avgust kuni o‘tkazilgan to‘y tadbirida ishtirok etgan 7 nafar fuqaro tungi soat 02:00 dan boshlab ertalab 10:45 ga qadar “O‘tkir ovqat toksikoinfeksiyasi” tashxisi bilan tuman yuqumli kasalliklar bo‘limiga, bir nafar bemor esa viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Barcha bemorlar o‘z kasalliklarini 2023-yil 3-avgust kuni kunning ikkinchi yarmida “Toshpo‘lat ota” to‘yxonasida iste’mol qilingan mayonezli salatlar bilan bog‘lashgan.

Qayd etilgan holat yuzasidan Sanepidqo‘mita Urgut tuman bo‘limi mutaxassislari tomonidan olib borilgan epidemiologik surishtiruvlar natijasida to‘y egasi tomonidan to‘ydan bir kun avval ya’ni 2-avgust kuni tayyorlangan salatlar dasturxonga tortilganligi aniqlandi. Salatlar dasturxonga qo‘yilgunga qadar saqlash qoidalariga rioya etilmay, muzlatgichda saqlanmagan.

Tibbiyot xodimlari tomonidan to‘y tadbirida ishtirok etganlarni aniqlash maqsadida uyma-uy yurib surishtirish o‘tkazilib, kasallik belgilari aniqlangan yana 34 nafar fuqaro tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, bemorlarning ahvoli o‘rta og‘irlikda deb baholanmoqda, og‘ir bemorlar yo‘q. Holat Sanepidqo‘mita tomonidan to‘liq nazoratga olingan.