Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ZoodPay xalqaro raqamli platformasiga qarshi ish ochdi, deya xabar qildi qo‘mita matbuot xizmati.

Ish qo‘zg‘atilishiga Zooduz Holding Limited (BAA) bilan O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi ZoodPay mikrokredit tashkiloti asoschisi Orientswiss Tashkent kompaniyasi ustav kapitalidagi 99,99 foiz ulushni sotish bo‘yicha shartnoma tuzilgani sabab bo‘lgan. Bitim monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olmasdan tuzilgan.

Qo‘mita mazkur kelishuv amaldagi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasi ikkinchi qismi (aksiyalarni yoki ulushlarni olishda monopoliyaga qarshi talablar) talablarini buzganini qayd etgan.

Ya’ni ushbu moddaga muvofiq, quyidagi hollarda shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyekt ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha bitim tuzilsa, monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish zarur bo‘ladi:

  • bunday shaxs yoki shaxslar guruhi ko‘rsatilgan aksiyalarning (ulushlarning) 50 foizidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olsa;
  • bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushum BHMning 100 ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa, bitim ishtirokchilaridan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyekt bo‘lsa.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, ulushlari sotilayotgan Orientswiss Tashkent aktivlarining balans qiymati hamda tovar aylanmasi BHMning 100 ming baravari miqdoridan ortiqligi aniqlangan. 4-avgust holatiga kompaniyaning ustav kapitali 54,27 mlrd so‘mni tashkil etadi. Uning ta’sischilari, Zooduz Holding Limited (99,99 foiz) va Amal Karimbayev (0,01 foiz) hisoblanadi.

Qo‘mita bu holat yuzasidan qonun buzilishini bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma bergan hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan javobgarlikni qo‘llash choralari ko‘rmoqda.

Spot ma’lumotlariga ko‘ra, Zood platformasi O‘zbekistonda 2017-yildan buyon faoliyat yuritib keladi. ZoodMall orqali 1 milliondan ortiq foydalanuvchi tovarlarni “hozir sotib ol, keyinroq to‘la” (BNPL) tizimi bo‘yicha foizsiz bo‘lib to‘lashga xarid qilishi, tadbirkorlik subyektlari esa aylanma mablag‘lari uchun moliyalashtirishga ega bo‘lishi mumkin.

Xizmat yetakchi global va strategik hamkorlaridan 50 million dollardan ortiq investitsiyalarni jalb qilgan. Ulardan biri Britaniyaning Sturgeon Capital investitsiya fondi hisoblanadi.

Shveysariyaning Orientswiss S. A. kompaniyasi Zoodmall bozori, Zoodpay mikrokredit tizimi va Zood brendi ostida O‘zbekiston, Pokiston, Iroq va Livanda logistika va yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi Zoodship raqamli platformasiga egalik qiladi.