O‘zgidromet xizmati agentligi dam olish kunlari — 4−6-avgust sanalarida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Juma va shanba kuni O‘zbekiston bo‘yicha o‘rtacha issiq ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati +35…+38 daraja atrofida, ba’zi joylarda +40 darajagacha, janubda ba’zi joylarda +42 darajagacha bo‘ladi.

Hududning katta qismida havo asosan biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat 5-avgust kuni shimoli-g‘arbiy hududlarga Janubiy Ural hududlaridan nisbatan nam va salqin havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, havo harorati +32…+37 darajagacha pasayadi.

6-avgust yakshanba kuni nisbatan nam va salqin havo massalari kirib kelishi respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. Kunduzgi harorat barcha joylarda +30…+35 darajagacha, janubda +35…+38 darajagacha pasayadi. Bulutlilik ko‘payishi kutilmoqda.

Respublika hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi, faqat respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida, shuningdek Buxoro, Navoiy viloyatlarida, kechasi esa Xorazm viloyatida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Juma kuni shimolda, janubda va cho‘l hududlarda, dam olish kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 4-avgust kuni shamolning kuchayishi ba’zida 20−25 m/s gacha yetishi mumkin.

Toshkent shahrida 4−6-avgust kunlari havo biroz bulutli bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 3−6 m/s tezlikda esadi, 6-avgustda 12−17 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat +38…+40 darajadan +33…+35 darajagacha asta-sekin pasayadi.