Xitoyning PowerChina International Group Limited kompaniyasi Andijon tumanida 400 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasini (QFC) quradi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Bu boradagi kelishuv 31-iyul kuni Energetika vazirligi, Andijon viloyati hokimligi va PowerChina kompaniyasi o‘rtasida imzolangan.

Qurilish ishlari sentabr oyida boshlanishi, quyosh fotoelektr stansiyasining dastlabki 100 MVt quvvati 2024-yil 1-aprelga qadar, to‘liq quvvati esa 30-noyabrgacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushgandan so‘ng yiliga 700 mln kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 212 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi va atmosferaga 294 ming tonna zararli issiqxona gazlarining chiqishi oldi olinadi.

Ta’kidlanishicha, ushbu loyiha uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda foydalanilmaydigan yer maydonlari tanlangan.

Loyiha qiymati ochiqlanmagan, biroq “Gazeta.uz”dagi ma’lumotlarga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi chog‘ida qiymati 400 mln dollarlik loyihani amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolangan. Odatda, bunday shartnomalar investor tomonidan loyihaning moliyalashtirilishini nazarda tutadi va davlat ma’lum bir muddatga (odatda 25 yilga) elektr energiyasini sotib olish majburiyatini oladi.

Bundan tashqari, Xitoy kompaniyasi Toshkent viloyatida 260 million dollarga quvvati 300 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasini ham qurishni rejalashtirgan.

Qayta tiklanadigan energiya bo‘yicha so‘nggi shartnomalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri, tendersiz imzolanadi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov avvalroq bunday shartnomalar nafaqat Xitoy kompaniyalari, balki boshqa mamlakatlar korxonalari bilan ham imzolanganini ta’kidlagan.

“Bu yerda [loyihalarni] ikkiga bo‘lishimiz kerak. To‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar va tender. Oxirgi tenderni ko‘rdingiz, qancha vaqt ketdi. Qachon loyiha ishga tushadi? Tarifni ko‘rdingiz, 3,5 sent narx bilan Masdar kompaniyasi tenderda g‘olib chiqdi. Mana shuni aytmoqchimanki, biz [Xitoy kompaniyalari bilan] kelishgan narxlar bundan ancha past”, — degan u Kun.uz`ga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lgani uchun loyihani amalga oshirish muddatini qisqartirishga erishilgan.

“Fevralda muzokaralar boshlagan bo‘lsak, mart oyida dastlabki kelishuvga erishdik. May oyida prezident qarori chiqdi, hozir maydonda qurilish ishlari boshlandi. Buxoro va Qashqadaryoda Xitoy kompaniyasi 200 MWdan 400 MWgacha quvvatni joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish majburiyatini oldi. Yoki ACWA Power’ni aytsak, 100 MW quvvatni yil yakuniga qadar Toshkent viloyati Qibray tumanida ishga tushiradi”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Vazir to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar orqali kelishilgan tariflarni ochiqlay olmasligi (tariflar tenderlarda ochiqlangan), lekin bu tariflar “oxirgi tenderlardagi narxdan arzon ekanini” bildirgan.