25-iyul kuni Namangan viloyati Uychi tumanidagi oilaviy bog‘chada bir guruh bolalar tortdan zaharlangani aniqlandi, deya xabar bermoqda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati.

Tumanning “Gulshan” oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 15 nafar tarbiyalanuvchisi oshqozon-ichak faoliyati funksiyasi buzilishi, ovqat toksikoinfeksiyasida gumonlanib, tuman tibbiyot birlashmasining bolalar yuqumli kasalliklari bo‘limiga yotqizilgan.

“O‘rganish natijasida muassasa tarbiyalanuvchilaridan birining ota-onasi farzandining tug‘ilgan kuniga sifatsiz tort shirinligi olib kelingani va u tarbiyachi tomonidan o‘zboshimchalik bilan bolalarga berilgani aniqlangan”, — deyiladi xabarda.

Shifoxonada bolalarga zarur muolajalar ko‘rsatilib, o‘sha kunning o‘zida — ikki soatdan so‘ng 13 nafarining holati yaxshilangani sababli uylariga ketishi uchun shifokorlar ruxsat bergan. 2 nafar bolaga esa butunlay sog‘ayganidan keyin, 26-iyul kuni javob berilgan.

Boshqarma xabariga ko‘ra, hozirda bolalarning hammasi sog‘lom va ular oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga qaytarilgan. Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli barcha davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mas’ullari ta’lim muassasalariga sifati tez buziluvchi mahsulotlarni olib kirmaslik, tarbiyalanuvchilarga turli gazli ichimliklarni ichirmaslik, unli oziq-ovqat mahsulotlariga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha ogohlantirilgan.