Telegram`da Markaziy bank nomidan soxta kanal ochib, fuqarolarni aldashga urinish holatlari kuzatilmoqda, deya xabar berdi regulyator matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, kanal egalari o‘zlarini Markaziy bank xodimi sifatida tanishtirib, aholiga onlayn kreditlar taklif etish orqali bank karta ma’lumotlariga ega bo‘lish va keyinchalik mablag‘larni o‘zlashtirishga harakat qilayotganligi aniqlangan.

“Markaziy bank tijorat faoliyati bilan shug‘ullanmaydi, shu jumladan, jismoniy shaxslarga kredit ajratmaydi yoki moliyaviy yordam ko‘rsatmaydi. Markaziy bank nomidan har qanday ko‘rinishdagi kredit, moliyaviy yordam yoki boshqa turdagi bank xizmatini taklif etish soxtalik va firibgarlikning asosiy belgisi hisoblanadi”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot o‘rnida, Markaziy bankning yagona rasmiy Telegram kanali ushbu havolada keltirilgan.

Regulyator, shuningdek, bank karta ma’lumotlari va ayniqsa, tijorat banklarining uyali telefonga yuboriladigan SMS xabarini begona shaxslarga oshkor qilish firibgarlarga masofadan turib kartadagi mablag‘larni o‘zlashtirish uchun sharoit yaratishi to‘g‘risida ogohlantirgan va firibgarlik yoki soxta kanallar faoliyati bo‘yicha xabar topganda, Markaziy bankka ishonch va aloqa telefonlari (71−200−00−44, 71−212−62−05) orqali bildirishni so‘ragan.