Qozog‘iston internet foydalanuvchilari Ukrainadagi urush avj olayotgan bir paytda Rossiya armiyasiga qo‘shilish taklif qilingan reklamalarga to‘qnash kelishni boshladi, deb yozmoqda Reuters.

Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolaganlarga 5 ming dollardan ortiq bir martalik to‘lov va’da qilingan. Bundan tashqari, potensial yollanganlarga oyiga 2000 AQSh dollari miqdorida maosh, shuningdek, xabarda ko‘rsatilmagan qo‘shimcha imtiyozlar taklif etiladi.

Agentlikning qayd etishicha, reklama qozog‘istonliklarga “aniq yo‘naltirilgan”. Unda Rossiya va Qozog‘iston bayroqlari tasvirlangan bo‘lib, yonida “yelkama-yelka” shiori yozilgan.

Reklamadagi havola Saxalindagi Rossiya armiyasiga qo‘shilishni taklif qiladigan saytga olib boradi. Sahifa Saxalin viloyatining Inson kapitalini rivojlantirish agentligiga tegishli bo‘lib, uning saytida ta’kidlanishicha, “korxonalar uchun malakali xodimlarni jalb qiladi va o‘qitadi”.

Saxalin tashkilotining qo‘ng‘iroq markazida operatorlar Qozog‘istonda reklama joylashtirish haqidagi ma’lumotga izoh bera olmadilar. Qozog‘iston Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi ham Reuters so‘rovlariga javob bermagan.

Reuters, shuningdek, jurnalistlarga o‘z vatandoshlarining bir qismi Rossiya armiyasiga yoki “Vagner” kabi xususiy harbiy qismlarga qo‘shilayotganini, lekin yollash odatda Rossiya hududida amalga oshirilayotganini aytgan bir qancha markaziy osiyoliklar bilan gaplashgan.

Qozog‘iston qonunchiligi mamlakat fuqarolariga xorijdagi qurolli mojarolarda qatnashishni taqiqlaydi — yollanish belgilari bo‘lmasa, Jinoyat kodeksiga ko‘ra, bu 5 yildan 9 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishiga olib kelishi mumkin. Yollanma harbiylar esa 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Mart oyida Bloomberg o‘z manbalarga tayanib, Kreml 2023-yil oxirigacha 400 ming shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilarni qo‘shinlarga jalb etish vazifasini qo‘yganini yozgan edi. Bu Rossiya rasmiylariga safarbarlikning yangi to‘lqinidan qochish imkonini beradi