Farg‘onada erkak telefoniga javob bermagan Yandex haydovchisining mashinasining oynalarini tosh bilan sindirgani xabar qilingandi. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi shaxs qo‘lga olindi.

1-avgust kuni Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro Yandex Go firmasiga taksi buyurtma qilgan. Buyurtmani haydovchi Farg‘ona shahrida yashovchi, 21 yoshli I.R. qabul qilgan va birozdan so‘ng boshqaruvidagi Cobalt avtomashinasida S.Sh. turgan Sohibqiron Temur ko‘chasiga yetib kelgan.

Biroq fuqaro haydovchining telefoni o‘chib qolgani va uning qo‘ng‘irog‘iga javob bermaganidan jahli chiqib, o‘zaro janjallashgan va haydovchining avtomashinasi oynalarini tosh bilan urib, sindirib yuborgan.

“Uzr, kechirasizlar, juda qizishib ketdim. Bir-birimizni tushunmadik. Jamoat joyida tartibsizlik qilib, qonunni buzganimiz uchun mana, jazosini olib, javob berib o‘tiribmiz. Pushaymonman, fuqarolardan, hammadan uzr so‘rayman, boshqa qaytarilmaydi”, — deydi erkak.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a” bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Mazkur holatda ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan, deyiladi xabarda.