Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 27-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida fuqarolarga kredit berish hajmining o‘sishi sabablarini sanab o‘tdi va nima uchun aholining qarz yukidan xavotirlanishga hojat yo‘qligini tushuntirdi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar qildi.

Unga ko‘ra, birinchi yarim yillikda banklar tomonidan 116 trillion so‘mlik kreditlar ajratilgan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘p hisoblanadi. Bu o‘sish, asosan, aholiga ajratilayotgan chakana kreditlar hisobidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Iyun oyi yakuniga ko‘ra, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar 46 trillion so‘mni (jami kreditlarning 39,6 foiz) tashkil etib, 1,7 barobarga oshgan.

Qayd etilishicha, aholining avtokreditlar, mikroqarzlar, mikrokreditlar va ipoteka kreditlariga talabi oshgan. Uy xo‘jaliklari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning aksariyati kelgusida uy-joy, mebel, maishiy texnika va avtomobillar sotib olmoqchiligini uchun kredit olishni rejalashtirayotgani ma’lum qilgan.

Markaziy bank rahbarining fikricha, chakana kreditlarga bo‘lgan talab ortib borayotganining asosiy sabablaridan biri aholining kelajakdagi daromadlari o‘sishiga ishonchining ortishi hisoblanadi. Berilayotgan kreditlar asosan iste’molni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, bu kelajakda talab inflyatsiyasi uzoqroq muddat saqlanib qolishini anglatadi.

Nurmuratov kreditlash hajmining o‘sishi inson omilining qisqarishi va kredit berish jarayonining soddalashtirilgani bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi. Gap barcha banklarda mijozning to‘lov qobiliyatini va uning belgilangan talablarga muvofiqligini baholovchi skoring modelini joriy etilishi haqida bormoqda.

Jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar hajmi o‘sishining ikkinchi sababi bu o‘tgan yillardagi bazaning past bo‘lgani hisoblanadi.

“Oxirgi bir yarim yil ichida aholiga kredit berish keskin oshganini nafaqat umumiy kreditlar hajmida kuzatdik, chunki o‘tgan yillardagi baza past edi. Shu sababli, kreditlash hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,7 barobar oshgani haqida gapiradigan bo‘lsak, qarab ko‘rsangiz bu kichik ko‘rsatkich”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.

Regulyator rahbari aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan kreditlar hajmi asosidagi aholining qarz yuki va fuqarolarning daromadlarini hisobga olgan holda “ularni bezovta qiladigan” darajaga yetmaganini ta’kidladi.

“Biroq, shunga qaramay, biz chakana kreditlash segmentida “qizib ketish”ning oldini olish maqsadida makroprudensial choralarni ko‘ra boshladik. Pul-kredit siyosati vositalari yordamida bu yo‘nalishda biron bir natijaga erishish qiyin. Odamlar uchun emas, balki banklar uchun qo‘shimcha talablar, xavf va tahdidlarni baholashning qo‘shimcha mexanizmlari, qo‘shimcha zaxiralar yaratilishi hisobiga [chakana kreditlashning] biroz pasayishini kutmoqdamiz”, — dedi Markaziy bank raisi.

Mamarizo Nurmuratovning ta’kidlashicha, chakana kreditlarning yillik o‘sish sur’ati iyun oyida o‘tgan oylarga nisbatan birmuncha pasaygan.

Shu bilan birga, Markaziy bankning ikkinchi chorakdagi pul-kredit siyosati sharhida qayd etilishicha, 2023-yil 1-iyul holatiga iqtisodiyotga ajratilgan kreditlarning yillik o‘sishi 25,1 foizni, aholiga ajratilgan kreditlarning yillik o‘sishi 54 foizni tashkil etgan. Chakana kreditlarning o‘sish sur’ati aholining kreditlarga bo‘lgan talabi yuqoriligi bilan izohlanadi. Sharhda aytilishicha, aholiga kreditlar berish hajmining keskin ortishi qarz yukining oshishi hisobiga moliyaviy va makroiqtisodiy barqarorlik uchun risklar yuzaga kelishi ehtimolini oshirishi mumkin.

Bunda “kreditga chanqoqlik” monetar shart-sharoitlarning qattiqligidan ko‘ra kuchliroq omil hisoblanib, aholi kreditlari o‘sishini muvozanatlash uchun makroprudensial va pul-kredit siyosati chora-tadbirlaridan uyg‘unlikda foydalanish zarur, deya qayd etgan Markaziy bank.

aholiga berilgan kreditlar, мамаризо нурмуратов, марказий bank, chakana kreditlash

Kredit o‘sishining YAIM o‘sishiga nisbatining haqiqiy ko‘rsatkichi va uning potensial darajasi o‘rtasida ijobiy tafovutning shakllanishi, shuningdek, jismoniy shaxslarni kreditlashning ularning umumiy daromadlari o‘sishiga nisbatan tezroq o‘sib borishi iqtisodiyotda qarz yukining oshishidan dalolat beradi, deya qayd etgan regulyator.

Kelajakda aholiga berilgan kreditlar hajmi o‘sishi, ularning umumiy daromadlari oshishiga nisbatan yuqoriroq sur’atda o‘sishi bank tizimi kredit portfelining sifatiga ta’sir qilishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, makroprudensial siyosat choralarini kuchaytirishni talab qiladi.