Xitoyning Kibermakon boshqarmasi (CAC) 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning mobil qurilmalarda onlayn o‘tkazadigan vaqtini cheklashni taklif qildi, deb xabar bermoqda Xitoyning Global Times nashri. Ushbu chora-tadbirlar “voyaga yetmaganlar uchun xavfsiz va sog‘lom internet muhitini yaratish”ga qaratilgan.

Regulyator tomonidan ishlab chiqilgan qoidalar mobil qurilmalar, operatsion tizimlar, ilovalar va ilovalar do‘konlarini ishlab chiqaruvchilarga “voyaga yetmaganlar rejimi”ni joriy etish majburiyatini yuklaydi. U tizim sozlamalarida yoqiladi.

Rejim bir vaqtning o‘zida bir nechta qurilmalardagi hisoblar orqali qo‘llab-quvvatlanishi lozim. Uni o‘chirib qo‘yish uchun ota-ona roziligi va parol yoki barmoq izini skanerlash orqali tasdiqlash talab etiladi.

Bolalarga taqdim etiladigan kontent yoshga qarab tuziladi va besh toifaga bo‘linadi: 3 yoshgacha, 3 yoshdan 8 yoshgacha, 8 yoshdan 12 yoshgacha, 12 yoshdan 16 yoshgacha, 16 yoshdan 18 yoshgacha.

3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga faqat bolalar qo‘shiqlari va audio o‘yinlar tavsiya etiladi, 8 yoshgacha bo‘lgan bolalarga esa internetda 40 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan vaqtni o‘tkazishga ruxsat beriladi. 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun chegara ikki soat bo‘ladi.

Bundan tashqari, soat 22:00 dan 06:00 gacha voyaga yetmaganlarga bolalar himoyasi rejimi yoqilgan mobil qurilmalarda aksariyat xizmatlardan foydalanish taqiqlanadi.