O‘zbekistonda har bir tadbirkorning muammosini hal qilish uchun alohida soliq xodimi mas’ul bo‘ladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 2-avgust kuni Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Bunda, yillik aylanmasi:

  • 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan mikro biznes vakillari bilan mahalladagi soliq xodimlari;
  • 10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kichik tadbirkorlar bilan tuman soliq rahbari va uning o‘rinbosarlari;
  • 100 mlrd so‘mgacha bo‘lgan o‘rta biznes korxonalari bilan viloyat soliq rahbari va uning o‘rinbosarlari;
  • 100 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan yirik korxonalar bilan esa Soliq qo‘mitasi o‘rinbosarlari shaxsan ishlab, ularning muammolarini hal qilib boradi.

1-sentabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlari yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha hisobot topshirmaydi. Bu ishlar bilan mahallaga biriktirilgan soliqchilar shug‘ullanadi.

2024-yil 1-yanvardan esa kichik biznes subyektlari va fermerlarning hisobotini soliq idoralari elektron shaklda yuritadigan tizim bo‘ladi.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasiga soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tuzilmaga aylantirish, xodimlarining ma’naviy-axloqiy qiyofasini yaxshilash bo‘yicha tizim yaratish topshirildi.