Qozog‘istonda endi qarovsiz hayvonlarni tutish bo‘yicha xizmatlar ularni qo‘lga olish jarayonining har bir bosqichini foto va videoga olishlari kerak bo‘ladi, deya xabar berdi Tengrinews.kz. Bu Qozog‘iston standartlashtirish va metrologiya institutida ishlab chiqilgan yangi standartda ko‘zda tutilgan.

Standart qarovsiz hayvonlarni tutish va tashish jarayonini tartibga soladi hamda ularga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlarining oldini olishga mo‘ljallangan, deyiladi xabarda.

“Tutish chog‘ida hayvonlarni o‘ldirish, shuningdek, hayvonlar uchun ham, odamlar uchun ham xavfli bo‘lishi mumkin bo‘lgan zaharli ozuqalardan foydalanish taqiqlanadi”, — deyiladi nashr iqtibos keltirgan institut press-relizida.

Standart shuningdek, tutishda ishlatiladigan preparatlar, qurilmalar va mexanizmlarga qo‘yiladigan talablarni ham belgilaydi.

Transport vositasi hayvonlarning turli jinslari, kattaligi va yoshi uchun alohida katakchalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak, shuningdek, shamollatish va havo haroratini saqlash tizimiga ega bo‘lishi kerak.

2022-yil martidan Qozog‘istonda uy hayvonlarini saqlash va ularga insonparvar munosabatda bo‘lish qoidalarini tartibga soluvchi hayvonlarga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish to‘g‘risidagi qonun amal qilmoqda. Xususan, u hayvonlarning hayoti va sog‘lig‘i uchun egalarining javobgarligini nazarda tutadi. Qonun, shuningdek, uy hayvonlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qiladi.