Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev “Gazeta.uz"ning “Mifonomika” podkastida mehmon bo‘lib, proteksionizm har doim jamiyat manfaatlariga xizmat qiladi degan mif haqidagi savolga javob berdi. Uning aytishicha, qaysidir soha uzoq vaqt himoya qilinsa, vaqt o‘tishi bilan aholi uning foydasizligini seza boshlaydi. “Masalan, 2000-yilda odamlarimizda bizga avtomobil zavodi kerakmi, degan savol bo‘lmagan”, — dedi u.

Intervyuni mantli shaklda quyida o‘qishingiz mumkin.

Proteksionizm nima?

Proteksionizm, bu — mamlakatning qaysidir sohalarini yoki hamma sohasini rivojlantirish maqsadida qanchadir vaqtga tashqi dunyodan himoya qilinishi hisoblanadi. Bunda yuqori bojlar orqali yoki boj bo‘lmagan to‘siqlar orqali tovarlarning mamlakatga kirib kelishi qaysidir ma’noda cheklanadi.

Asosiy mantig‘i shundan iboratki, biz bu sohalarga qanchadir vaqt bersak, qachondir rivojlanadi va keyinchalik savdoga bo‘lgan to‘siqlarni olib tashlashimiz mumkin degan qarash bo‘ladi.

Lekin dunyo tajribasini ko‘rsak, masalan, Lotin Amerikasi mamlakatlarida yoki ko‘plab Afrika davlatlarida hozirgi sanoat ishlab chiqarishining nominal qiymati 70-yillardagidan ham pastroq. Shunga qaramay, ular sanoat siyosati yuritishadi, ya’ni qaysidir sanoat tarmoqlarini himoya qiladi.

Umumiy qilib javob bersam, proteksionizm, bu — qaysidir sanoat tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida tashqi dunyodan himoya qilish hisoblanadi.

Proteksionizm jamiyatga qanchalik foydali yoki zararli?

Bozor yopiq bo‘lganida, tabiiyki, ichki narxlar jahon bozoridan ko‘ra yuqoriroq bo‘ladi. Ya’ni iste’molchilar, O‘zbekiston misolida 35 mln aholi o‘sha mahsulotni qimmatroq sotib olishga majbur bo‘ladi. Agar ularning bir yil davomida tovarni qimmatroq sotib olishdan yo‘qotgan pulini hisoblasangiz, bu o‘sha kompaniyaning foydasidan ham, kompaniya umumiy iqtisodiyotga keltirayotgan foydadan ham karrasiga yuqoriroq chiqadi.

Bunda kompaniya davlatniki bo‘lsa, davlatga tushirayotgan tushumlari yoki soliq to‘lovlari yoxud ishchilarni band qilgani qo‘shib hisoblanganda ham shunday bo‘ladi.

Masalan, qaysidir kompaniya 5 yoki 10 ming nafar ishchini band qilsa, lekin mahsulotining narxi jahon bozoridan 40 yoki 50 foiz yuqoriroq bo‘lsa, uning ishchilarini ishlatmasdan shunchaki iste’molchilar pul to‘lagani ham foydaliroq bo‘ladi, arzonroqqa tushadi.

Bu sohada band bo‘lgan odamlar aksariyat hollarda umumiy aholining 1 foizini ham tashkil qilmaydi. Iste’molchilar esa — butun aholi. Iste’molchilar umumiy aholining 50, 40, 30 foizi bo‘lsa ham bu juda katta ko‘rsatkich hisoblanadi. Shu sababli iste’molchilar yo‘qotishi karrasiga yuqoriroq chiqadi, bu istalgan sohada shunday.

Savdoga to‘siqlar rivojlangan mamlakatlarda ham bor, ular ham to‘liq erkin bozorga o‘tmayapti. Buni qanday izohlasa bo‘ladi?

Birinchi navbatda, ko‘pchiligi barqarorlik nuqtai nazaridan. Rivojlangan davlatlarga qarasangiz, aksariyat hollarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga to‘siqlar qo‘yilgan. Boshqa tovarlarga to‘siqlar u qadar yuqori emas. Men buni ham adolatli yoki to‘g‘ri deb hisoblamayman.

Ularning keltiradigan sababi, aytganimdek, barqarorlik hisoblanadi. Ya’ni agar biz qaysidir davlatga bog‘lanib qolsak, qandaydir ko‘rinmas kelajakda uning badalini to‘lashimiz mumkin. Real misollar ham bor, masalan, Rossiya bilan gaz importi bo‘yicha bog‘liqlik mavjudligi. Urushdan oldin, adashmasam, Yevropa iste’mol qiladigan gazning 40 foizi Rossiyadan kelar edi.

Iqtisodiy inqirozlar nima uchun proteksionizmni kuchaytiradi?

Sababi oddiy. Yuqorida aytganimdek, barqarorlik. Ya’ni qandaydir muvozanat buzilsa, agar siz dunyoga juda ham bog‘liq bo‘lsangiz, sizda barqarorlik buziladi. Qancha ko‘p savdo qilsangiz, dunyoga shuncha ko‘p bog‘liq bo‘lasiz va dunyodagi qandaydir o‘zgarish sizga ko‘proq ta’sir qiladi. Asosiy sabablari shu.

Siz 5−10 yilda bir sodir bo‘ladigan voqea sabab bozoringizda narxlar oshishini yoki muvozanat buzilishini xohlamaysiz. Shu sababdan himoya qilasiz. Bu siyosiy jihatdan ancha yaxshi. Chunki aholi import tovarlar narxi o‘sishini ko‘rsa, ularda norozilik uyg‘onadi. Ular ham barqarorlikni xohlaydi.

Saylovchilar yoki boshqa nuqtai nazardan qaraganimizda ham, qandaydir xalqaro inqiroz yoki urush bo‘lganda savdoni cheklashga hamma narsa tayyor bo‘ladi, aholi ham buni qabul qiladi, siyosatchilar ham. Shuning uchun aksar hollarda dunyoda global miqyosda muvozanat buzilsa, bu savdoga to‘siqlar oshishiga olib kelishi mumkin.

Lekin bizda, masalan, kovid pandemiyasi davrida nisbatan teskari tendensiya kuzatildi. Bir qator oziq-ovqat tovarlariga bojlar vaqtinchalik bekor qilindi va hozirgacha bu davom etyapti.

Ya’ni qaysidir ma’noda kovid bizda savdoni erkinlashtirdi. Boshqa tovarlarga bojlar oshmadi, lekin oziq-ovqat tovarlarining ko‘pchiligi uchun bojlar tushirilganini ko‘rdik. Buni kovidgacha bo‘lgan vaqtda O‘zbekistonda bojlar yetarlicha yuqori bo‘lgani bilan izohlash mumkin.

“Proteksionizm deyishni yomon ko‘raman, bu menga abadiy so‘zdek tuyuladi”. Nima uchun?

Proteksionizm deyishni yomon ko‘raman, chunki bu menga abadiy, doimiy so‘zga o‘xshab tuyuladi.

Yangi ochilgan korxonani qisqa vaqt ichida qo‘llab-quvvatlash va keyinchalik uni qo‘yib yuborishni nazariy jihatdan asoslab bersa bo‘ladi. Lekin bu narsani qo‘llagan mamlakatlarning ko‘pchiligi muvaffaqiyatga uchramagan. Bu holatga ta’sir qiluvchi omillar bor, masalan, korxona 5 yil himoya qilinishi rejalashtirilgan bo‘lsa, shu vaqt ichida kuchayib, siyosatga ta’sir qilishni boshlashi mumkin. Yoki qaysidir soha tanlanayotganda bu tanlov xato bo‘lishi mumkin. Tanlovga ham ko‘p narsa bog‘liq. Tanlov o‘sha mamlakatning nisbiy ustunligiga mos kelishi kerak.

Ko‘p hollarda rivojlanayotgan mamlakatlar birdan sakrab o‘tishga harakat qiladi. Ya’ni, deylik, birinchi tekstilni emas, avtomobil ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlaydi. Ayni vaqtda mamlakatning nisbiy ustunligi aynan shu tekstilda ham bo‘lishi mumkin. Ko‘p rivojlangan mamlakatlarning muammosi shunda, ya’ni birdan yuqori kapital talab etadigan, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishga harakat qilishadi.

Bunda ularning nisbiy ustunligi umuman yo‘q bo‘lishi mumkin. Ya’ni ularni qancha himoya qilsa ham natija bermaydi bu narsa.

Bizda oddiy odamlar orasida dunyoga ochilishga, erkin savdoga nisbatan qo‘rquv kuchli emasmi?

Asoslanmagan qo‘rquvlar ko‘p. Ko‘pchilikdan, masalan, savdoning yopiqligini qo‘llab-quvvatlovchi odamlardan so‘rasangiz, valyutaning chiqib ketishini asosiy argument sifatida keltiradi. Valyuta chiqib ketadi va biz doimiy ravishda dunyoga eksportimizdan ko‘ra ko‘proq import qilamiz, bu esa iqtisodiyotimizni o‘ldiradi degan qarash bor. Aslida bu to‘g‘ri emas.

Shu nuqtai nazardan odamlarda qaysidir ma’noda qo‘rquv bor deyishim mumkin, lekin vaqt o‘tishi bilan, axborot texnologiyalari rivojlanishi, boshqa davlatlarni ko‘rib keladigan odamlar ko‘payishi va boshqa ko‘plab sabablarga ko‘ra, odamlar proteksionizm zararini anglay boshlaydi.

Masalan, avtomobilsozlik bo‘ladimi yoki boshqami, qaysidir soha uzoq vaqtdan beri himoya qilingan bo‘lsa, aholi uning foydasizligini vaqt o‘tishi bilan sezadi. Unga yillar kerak bo‘ladi. Masalan, 2000-yilda bizning odamlarda “bizga avtomobil zavodi kerakmi?” degan savol bo‘lmagan. Men ishonaman, bunday savol bo‘lmagan o‘sha vaqtda.

Hozir esa bu savol ko‘pchilikda bor. Ya’ni bu vaqt o‘tishi bilan o‘z-o‘zidan yo‘qolib boradigan qo‘rquv desak bo‘ladi.