Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov regulyator Toshkent ko‘chmas mulk bozoridagi pufak oqibatlarini yumshatish uchun ajratilayotgan ipoteka kreditlari miqdoriga yuqori chegara qo‘yilganini ta’kidladi. Bu haqda Markaziy bankda o‘tkazilgan matbuot anjumanidan “Gazeta.uz” muxbiri xabar berdi.

Markaziy bank 2022-yil uchun Moliyaviy barqarorlik sharhida bir qator omillar natijasida Toshkent shahri uy-joy narxlarining bozor va fundamental qiymatlari o‘rtasidagi farq 2022-yil IV choragida 210 mln so‘mga (kuzatuv davri davomidagi o‘zining eng yuqori qiymatiga) yetganini ma’lum qilgandi. 2022-yilda uy-joylarning bozor va fundamental narxlari o‘rtasidagi farq 2021-yilga nisbatan 1,6 barobarga oshgan.

ipoteka kreditlari, mamarizo nurmuratov, markaziy bank, narx pufagi, uy-joy

Markaziy bank raisi pufak oqibatlarini yumshatish haqida gapirib, shunday dedi:

“E'tibor bergan bo‘lsangiz, biz ipoteka kreditlari ajratishda, uyning qiymati qancha bo‘lishidan qat’iy nazar, kreditning maksimal chegaralarini belgilab qo‘yganmiz. Bunday asosiy maqsad ham, pufaklar yorilayotgan vaqtida banklarga bo‘ladigan salbiy ta’sirning oldini olish hisoblanadi. 1 mlrd so‘mlik uy bo‘ladigan bo‘lsa, Toshkent shahrida bank ajratadigan kredit 440 mln so‘mdan oshmaydi. Bu o‘z-o‘zidan bu pufakni kamaytirish imkonini beradi”.

Shuningdek, regulyator rahbari hozirgi kunda vaziyat qanday ekaniga to‘xtalib, bu borada o‘rganishlar yakunlanayotganini, sentabr oyida narxlarning shakllanishi bo‘yicha ma’lumot berilishini ma’lum qildi.

Ma’lumot o‘rnida, uy-joy narxlarining fundamental omillarga bog‘liq bo‘lmagan holda doimiy ortib borishi narx pufagi shakllanishiga sabab bo‘ladi. Bunda, fundamental bo‘lmagan omillar hisobiga ko‘chmas mulk bozorida talabning keskin ortishi va taklif tomonidan talabni qisqa muddatda qondirilmasligi narx pufagini yuzaga keltiradi.

Narx pufagining kengayishi jarayonida, aholi tomonidan uy-joy narxlarining yanada ortishining kutilishi hisobiga talab oshadi. O‘z navbatida, ko‘chmas mulk bozoridagi narxlarning doimiy ortib borishi kelgusida uy-joy narxlari ortishi hisobiga daromad olishni ko‘zlagan investorlarni ham o‘ziga jalb qiladi va narxlarning fundamental omillar o‘zgarishiga bog‘liq bo‘lmagan holda yanada yuqori o‘sishiga sabab bo‘ladi.