30-iyul, yakshanba kuni Pokiston shimoli-g‘arbida islomiy partiya tomonidan uyushtirilgan siyosiy anjuman chog‘idagi portlash oqibatida kamida 44 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda CNN.

Afg‘oniston bilan chegaraga yaqin Bajaur tumanining Xar shahrida to‘plangan partiya a’zolariga qaratilgan hujumda 100 dan ortiq kishi tan jarohati oldi, ularning 17 nafari og‘ir ahvolda.

Mahalliy politsiyaning ma’lum qilishicha, anjuman paytida xudkush hujumchi portlovchi moddalarni ishga tushirgan.

Hujum uchun javobgarlikni hech kim o‘z zimmasiga olgani yo‘q. Ammo ISHIDning mahalliy bo‘limi avvalroq ushbu partiya yetakchilarini nishonga olgandi.

Pokiston bosh vaziri Shehbaz Sharif portlashni “qat’iy qoraladi”, — deyiladi uning idorasi tarqatgan bayonotda. Tekshiruv davom etmoqda va bosh vazir idorasi Ichki ishlar vazirligidan hisobot so‘radi, — deya qo‘shimcha qilinadi bayonotda.

Guvohlardan birining aytishicha, portlash sodir bo‘lgan paytda yig‘ilishda 500 dan ortiq odam qatnashgan. “Kuchli portlash sababli hushimni yo‘qotdim”, — deydi Rahim Shoh ismli guvoh Pokistonning Dawn nashriga.

Pokistondagi siyosiy partiyalar joriy yil oxirida o‘tkaziladigan saylovlar oldidan saylovoldi tashviqotiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu terrorchilik hujumi yuzasidan bayonot berib, qurbonlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.