Xitoy hukumati bir qator dronlar va ularning butlovchi qismlarini eksport qilishga cheklovlar kiritmoqda. Bu haqda Xitoy Savdo vazirligiga tayanib, “Sinxua” xabar bermoqda. Ushbu choralar “milliy xavfsizlikni himoya qilish” maqsadida ko‘rildi.

“Ba’zi yuqori sifatli va yuqori samarali fuqarolik dronlarining harbiy maqsadlarda foydalanish uchun qayta jihozlanishi xavfi ortib bormoqda. Xitoy yirik dron ishlab chiqaruvchisi va eksportchisi sifatida ularning eksporti ustidan nazoratni kengaytirishga qaror qildi”, deb tushuntirdi vazirlik.

Xususan, og‘irligi 7 kg dan ortiq bo‘lgan, havoda 30 daqiqadan ko‘proq qolib, narsalarni tashish va yerga tushirishga qodir bo‘lgan dronlar eksport nazoratiga tushadi.

Bundan tashqari, ayrim dron dvigatellari, lazerlar, aloqa uskunalari va dronga qarshi tizimlarni maxsus ruxsatsiz eksport qilish taqiqlanadi.

Cheklovlar 1-sentabrdan kuchga kiradi va ikki yil davom etadi.

“Eksport nazorati eksportni taqiqlashni anglatmaydi. Agar dron qonuniy fuqarolik maqsadlarida foydalanilsa, tegishli tartib-qoidalar bajarilgandan so‘ng uni odatdagidek eksport qilish mumkin”, — deyiladi agentlik bayonotida.

Xitoy yetakchi dron ishlab chiqaruvchisi va eksportchisi hisoblanadi. 2022-yil aprel oyida Xitoyning eng yirik dron ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan DJI kompaniyasi urush va xalqaro sanksiyalar fonida Rossiya va Ukrainaga yetkazib berishni vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yilishini ma’lum qilgan edi.

Biroq, The New York Times gazetasining yozishicha, Xitoy dronlari Rossiyaga kelishda davom etmoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil mart oyi holatida 70 ga yaqin xitoylik eksportyorlar RFga kamida 12 mln dollarlika dron va butlovchi qismlar sotgan.