Toshkent shahri Shayxontohur tumanida bola qattiqqo‘llik bilan islom dinidan dars bergan o‘qituvchisidan qochib, 5-qavatdan o‘zini tashladi. Bu bo‘yicha MY5 telekanalining Hudud informatsion dasturida e’lon qilingan lavhani Ichki ishlar vazirligi o‘z sahifasiga joyladi.

Keltirilishicha, IIBBga tez tibbiy yordam brigadasi shifokori holat haqida xabar bergan. U tumandagi Ibn Sino mavzesidagi ko‘p qavatli uylarning birida o‘qituvchi 15 nafar bolaga noqonuniy diniy ta’lim berayotgani, ularni kaltaklayotgani sabab bir nafar bola u yerdan qochmoqchi bo‘lib, elektr uzaytirgich (udlinitel) simiga osilib, 5-qavatdan o‘zini tashlaganini ma’lum qilgan. Bola jarohat olgan, ko‘plab joylari singan yoki chiqqan.

Holat bo‘yicha IIBB surishtiruv o‘tkazdi. 1995-yilda Qashqadaryoda tug‘ilgan o‘qituvchi 1-iyuldan boshlab vaqtinchalik yashash joyida har bir boladan 200 ming so‘mdan pul olib, hujra tashkil qilgan va 4 nafar bolaga diniy saboq berib kelgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, xonadan 14 dona arab tilida yozilgan va nashriyoti noma’lum bo‘lgan diniy adabiyotlar topildi. Surishtiruvda bu shaxs bolalarni doimiy ravishda kaltaklab kelgani, ularda turli jarohatlar ham mavjudligini tasdiqladi.

“Bunaqa holat bo‘lishini bilmagandik. Oyog‘ida biroz izlari bor. Hozir yaxshi”, — deydi bolalardan birining yaqini.

Erkak bunday holat boshqa qaytarilmasligini bildirdi. Holat yuzasidan unga ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-moddasi (Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish) bilan 15 sutka qamoq jazosi tayinlandi.

Shuningdek, bolalarning ota-onalari ham ma’muriy javobgarlikka tortildi. Ularga kodeksning 47-moddasiga asosan (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) chora ko‘rildi. Bolalarga yetkazilgan jarohatning og‘irlik darajasini aniqlash bo‘yicha sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan.