Surxondaryo viloyati Angor tumanida o‘zining qiz chaqalog‘ini pullamoqchi bo‘lgan ota qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Fuqaro tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Unda shu tumanda yashovchi, 54 yoshli erkak 2019-yildan buyon birga yashab kelayotgan shar’iy nikoh asosidagi 29 yoshli turmush o‘rtog‘ining qiz farzandini 35 million so‘mga sotmoqchiligini ma’lum qilgan. Chaqaloq 2023-yilning 17-iyul kunida tug‘ilgan.

Ariza yuzasidan 19-iyul kuni soat 21:00 atrofida viloyat va tuman IIB xodimlari o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida erkak yashash uyida kimyoviy ishlov berilgan 1400 dollar hamda 10 million so‘m pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Dalillar xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan. 22-iyul kuni erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.