2023-yilning 6 oyi mobaynida Toshkent viloyati IIBB Tezkor qidiruv xizmati va uning quyi tizimi jinoyat sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan 344 kishini ushladi, deya xabar bermoqda boshqarma matbuot xizmati.

Xususan, 2002-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan 48 yoshli X.Sh. (Angren shahrida yashagan) Qozog‘iston huquq tartibot organlari xodimlari bilan hamkorlikda ushlanib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan. U Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlangan.

Xuddi shu va 164-modda (Bosqinchilik) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etib, 2015-yildan buyon O‘rta Chirchiq tumani IIB tomonidan qidiruvda bo‘lgan 40 yoshli R. P. esa Rossiya huquq tartibot organlari xodimlari bilan hamkorligida ushlanib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.

иибб, тошкент viloyati, ekstraditsiya

Foto: Toshkent viloyati IIBB

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etib, 2021-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan 29 yoshli S.N. (Oqqo‘rg‘on tumanida yashagan) Rossiya federatsiyasi huquq tartibot organlari xodimlari bilan hamkorligida ushlanib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.

Boshqarma tahlillariga ko‘ra, qidiruvdagi shaxslarning asosiy qismi firibgarlik jinoyatini sodir etgan shaxslar hisoblanadi. Bundan tashqari, o‘tgan 6 oyda turli sabablarga ko‘ra bedarak yo‘qolgan 23 nafar shaxs viloyat IIO xodimlari tomonidan aniqlanib, yashash manzillariga qaytarilgan.