Davlat xavsizlik xizmati va boshqa hamkor tashkilotlar xodimlari tomonidan o‘zgalarning pul mablag‘larini o‘zlashtirishga uringan mas’ullar qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.

Jumladan, Navoiy viloyati Tomdi tumani ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori davlat zaxirasiga olingan hududda tarkibida oltin bo‘lgan ruda qazib olish uchun fuqaroga sharoit yaratib bergan. Huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkaziladigan reyd tadbirlaridan ogohlantirib turish evaziga undan 30 ming dollar talab qilib, 15 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Buxoro viloyati Kogon tumani ichki ishlar bo‘limi xodimi esa fuqaroga nisbatan ichki ishlar organlariga kelib tushgan arizani o‘zining vakolatli hamkasblari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berishni aytgan. Evaziga 1300 dollar olgan vaqtida ushlangan.

Namangan viloyati Davlatobod tumani davlat soliq inspeksiyasi bosh inspektori xususiy firmaning moliyaviy faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvi natijasida unga 383 mln so‘mlik foyda solig‘i qo‘shimcha hisoblangani va ushbu pul mablag‘i firma tomonidan to‘lanishi kerakligini aytgan. Soliq hisobotlariga o‘zgartirishlar kiritish orqali ushbu summani bartaraf etib berish evaziga MCHJ vakilidan 3 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Milliy gvardiyaning Andijon viloyati qo‘riqlash boshqarmasi Andijon tuman bo‘limi safdor xodimi yuqori lavozimda ishlovchi hamkasblari orqali fuqaroni Milliy gvardiya tizimiga harbiy xizmatchi sifatida ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. Buning uchun 5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.