Farg‘onalik bloger Olimjon Haydarov jinoyat sodir etganlikda gumonlanib, 29-iyul kuni huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi. Bu haqda Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

U joriy yilning 12-iyun kuni “Qo‘qon Istiqlol” savdo kompleksida norasmiy savdo faoliyati bilan shug‘ullangan tadbirkorlarning ishonchiga kirib, ularda norozilik kayfiyatini uyg‘otish orqali savdo komplekslaridagi rekonstruksiya ishlari bo‘yicha salbiy mazmundagi maqolalarni o‘ziga tegishli ijtimoiy tarmoq kanallariga joylashtirgani aytilmoqda.

Qo‘shimcha ravishda, bloger “Qo‘qon Istiqlol” savdo kompleksi MCHJ rasmiylaridan tovlamachilik yo‘li bilan moddiy mablag‘ undirishga uringani, o‘zi tomonidan tayyorlangan “Qo‘qonda huquqiy demokratik boshqaruvmi yoki shar’iy boshqaruvmi?” nomli salbiy mazmundagi maqolani internet tarmoqlarida tarqatmaslik evaziga 10 ming AQSh dollarini tovlamachilik yo‘li bilan talab qilgani iddao qilinmoqda.

Bloger “umumiy qiymatda 7,5 ming AQSh dollarini qo‘lga kiritib, qo‘shimcha 2.500 AQSh dollarini olayotgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan”, deyiladi viloyat IIB axborotida.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning dekabrida bloger Olimjon Haydarov mitinglar tashkil etish va o‘tkazish tartibini buzganlik, yolg‘on axborot tarqatganlikda ayblanib, 21 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilgan edi. U Farg‘onadagi zavod ishchilarining norozilik namoyishi aks etgan videoni e’lon qilgach, 7 ishchi hibsga olingandi. Shundan so‘ng, bloger sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati bergandi.