O‘zbekiston xalq artisti Malika Ahmedova yashash uyidan 600 ming dollarlik qimmatbaho taqinchoqlar o‘g‘irlab ketilgani, gumonlanuvchilar topilsa-da, brilliant va tillalar qaytarilmagani haqida gapirgan hamda prezident Shavkat Mirziyoyevga yordam so‘rab murojaat yo‘llagandi.

Uning intervyusi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilingach, 11-aprel kuni san’atkor Mirzo Ulug‘bek tumani prokurori Aliakbar Pulatovning qabuliga taklif qilingan va tergov bilan bog‘liq e’tiroz hamda vajlari tinglangandi.

Oliy sud axborot xizmati Aziz Abidovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, ushbu ish doirasida 4 nafar fuqaro ayblanib, sudlanmoqda.

Ta’kidlanishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudining ish yurituviga 7-iyul kuni S.R. va F.I.ni Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) bilan hamda M.N. va O.X.ni Jinoyat kodeksining 171-moddasi 3-qismi “a” bandi (Jinoiy yo‘l bilan topilgan mulkni olish yoki o‘tkazish) bilan ayblash haqida jinoyat ishi kelib tushgan. Mazkur ishni sud majlisida ko‘rish 21-iyulga tayinlangan.

Sudlanuvchilar S.R., F.I., M.N. va O.X.ga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ish hujjatlariga ko‘ra, S.R. tanishi F.I. va tergov davrida shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan noma’lum shaxslar bilan birga o‘zganing mulkini yashirin ravishda qo‘lga kiritib, jinoiy reja tuzgan.

Ular 2022-yil 28-dekabr kuni mast holatda Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi fuqaro Hadicha Ahmedova (raqqosa Malika Ahmedovaning qizi, ular bitta hovlida istiqomat qiladi)ga tegishli xonadonga devor qismidan oshib kirgan.

“Ular xonadonda saqlanib kelinayotgan jami qiymati 681 895 dollarlik (7,8 mlrd so‘m atrofida) buyumlarni o‘g‘irlab, jinoyat joyidan yashiringan. Qo‘lga kiritgan qimmatbaho taqinchoqlarni avvaldan tanishi bo‘lgan fuqaro M.N.ga barcha narsalar o‘ziga tegishliligini aytib, 250 ming so‘m evaziga sotib yuborgan. Keyinchalik pul mablag‘laridan 1 ming dollarini tanishi F.I.ga qarz tariqasida bergan. Qolgan barcha pul mablag‘larini shaxsiy ehtiyojlariga sarflab, X.Ahmedovaning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan”, — deyiladi Oliy sud axborotida.

Hozirda mazkur jinoyat ishi sud tergovi bosqichida bo‘lib, 1-avgustga qadar tanaffus e’lon qilingan.