Farg‘ona shahridagi karaoke kafesida 6 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan yong‘in yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar berdi bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov.

Hodisa bo‘yicha tuzilgan hukumat komissiyasi bir hafta muddatda vafot etganlarning oila a’zolariga hamda jabrlanganlarga tibbiy, moddiy, psixologik va boshqa yordamlar ko‘rsatadi.

4 qavatli binoning yerto‘lasida joylashgan karaoke kafesidagi yong‘in sababli 6 kishi halok bo‘lgan, 7 kishi shifoxonaga olib ketilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari Achilboy Ramatov boshchiligida komissiya, shuningdek,

  • yong‘in sodir bo‘lgan binoning yerto‘lasida ishlatilayotgan texnika qurilmalari belgilangan talablarga muvofiqligini;
  • baxtsiz hodisa yuz berishining texnik va tashkiliy sabablarini;
  • elektr uskunalari va jihozlarining montaj ishlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilgan holda sifatli bajarilganini;
  • jabrlanuvchilarning harakatlari (harakatsizligi)ni, ular tomonidan qurilmalardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga amal qilinganini;
  • baxtsiz hodisa sabablarini tavsiflovchi ashyoviy dalillarni;
  • baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan joyning holati bo‘yicha barcha o‘zgarishlarni;
  • elektr uskuna va jihozlarining turi, rusumi, ularning joylashuv o‘rni va texnik holatini;
  • dudburon va shamollatish kanallarining loyiha hujjatlariga va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligini;
  • obyektda baxtsiz hodisa kelib chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillarni har tomonlama o‘rganib chiqadi.

Tekshirish yakunlari va jabrlanganlarga ko‘rsatilgan yordamlar yuzasidan hisobot Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.