O‘zgidromet xizmati agentligi dam olish kunlari — 28−30-iyul sanalarida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Ushbu haftaning katta qismida O‘zbekiston hududi bo‘yicha kuzatilgan juda issiq ob-havodan so‘ng, payshanba kuni shimoli-g‘arbiy hududlarga Qozog‘iston hududlaridan nisbatan salqin havo kirib kelishi boshlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida harorat 6−9 darajaga, ba’zi joylarda 10−12 darajaga pasaydi.

Juma kuni nisbatan salqin havoning kirib kelishi O‘zbekistonning qolgan barcha hududlariga tarqaladi, ammo haroratning pasayishi respublikaning shimoli-g‘arbida pasaygani kabi sezilarli bo‘lmaydi. Kunduz kuni respublika hududining katta qismida kunduzgi harorat +33…+38 daraja atrofida, janubda +40…+42 darajagacha bo‘ladi.

Respublika hududining katta qismida 28-iyul kuni kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Samarqand, Jizzax viloyatlarida va kunning ikkinchi yarmida Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda asosan jadalligi biroz past bo‘lgan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Mamlakat bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha, ayrim joylarda 20−22 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda. 28−30-iyulda respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkent shahrida 28−30-iyul kunlari havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 3−8 m/s tezlikda esadi, juma kuni kechga tomon 10−12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Kunduz kuni harorat +35…+37 daraja, dam olish kunlari +36…+39 daraja bo‘ladi.