Italiyaning “Kalyari” klubi o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovni “Roma”dan ijaraga olganini ma’lum qildi. Klub futbolchini keyinchalik sotib olish huquqi bilan o‘z safiga qo‘shgan.

Insayder Janluka Di Marsioning yozishicha, “Kalyari” ijara uchun 1 million yevro to‘laydi va hujumchini sotib olish qaroriga kelsa, 9 million to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, “Roma” ijara vaqti davomida hujumchi maoshining yarmini to‘lab berishi aytilgan.

иtaлия, кальяри, рома, фuтбол, элдор шомuродов

Foto: Twitter / Cagliari Calcio

Eldor Shomurodov 1995-yilda Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. “Mash’al” klubi akademiyasi tarbiyalanuvchisi faoliyatini shu klubda boshlab, keyinchalik “Bunyodkor” jamoasiga o‘tgan. 2017-yil yozida u Rossiyaning “Rostov” klubiga ko‘chib o‘tdi va jamoa safida uch mavsumda jami 91 o‘yinda maydonga tushib, 18 ta gol urdi, 12 ta golga assistentlik qildi.

2020-yil oktabr oyida hujumchini Italiyaning “Jenoa”si 7,5 mln yevro evaziga sotib oldi, bir yil o‘tib esa Shomurodov 17,5 mln yevro transfer summasi bilan Italiyaning boshqa klubi — “Roma”ga o‘tdi. O‘tgan mavsumning so‘nggi qismida u “Spetsiya” safida ijara asosida o‘ynadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasida hujumchi hozirgacha 65 o‘yinda 37 ta gol urgan. Shomurodov “Kalyari” tarixidagi birinchi o‘zbek futbolchisiga aylandi. Bu jamoada o‘zbekistonlik hujumchiga “Lester Siti” bilan Angliyada 2015-yil sensatsion mavsum o‘tkazib, chempion bo‘lgan Klaudio Raneri murabbiylik qiladi.