28-iyul kuni Farg‘onada Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan yig‘ilishida ishtirok etayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev jamoat joylarida tinchlikni ta’minlash masalalariga alohida to‘xtaldi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Milliy gvardiyaga qo‘shimcha vakolat berilib, park, xiyobon va bozorlarda jamoat tartibini saqlash ushbu tuzilma zimmasiga yuklangan. Yig‘ilishda bozorlarni “jinoyatdan xoli hudud”ga aylantirish borasida Milliy gvardiyaning faoliyati qoniqarli emasligi ta’kidlandi.

Shu yilning o‘zida Milliy gvardiya mas’ul bo‘lgan hududlardagi 236 ta jinoyatning 86 foizi aynan bozorda sodir etilgan.

Milliy gvardiya javobgarligi ostidagi hududlarda jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha tizim yaratilmagani ko‘rsatilib, Milliy gvardiya qo‘mondonining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Inamjon Ibragimov lavozimidan ozod etildi. U 2021-yilning noyab oyida ushbu lavozimga tayinlangandi.

Zimmasiga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmagani uchun Milliy gvardiyaning Jizzax va Surxondaryo viloyatlari boshliqlari hamda Navoiy shahar qo‘riqlash bo‘limi boshlig‘ini ishdan bo‘shatishga ko‘rsatma berildi.

Eslatib o‘tamiz, prezident ushbu yig‘ilishda 15 ta tuman IIB boshliqlari va 5 ta tuman prokurorlarini lavozimidan ozod qilgan. Bosh prokuror birinchi o‘rinbosari va IIV rahbarining ikki o‘rinbosariga hayfsan berildi, raqamlashtirish uchun mas’ul o‘rinbosar Najmiddin To‘raxojayev ishdan olindi.