Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘onada Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan yig‘ilishida ishtirok etmoqda.

Davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, yig‘ilishda huquq-tartibot sohasidagi ishlar ahvoli tahlil qilib, kelgusidagi vazifalar belgilab beriladi.

“Biz islohotlarimizning ilk kunlaridanoq inson qadrini ulug‘lashni eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etdik va bu borada katta o‘zgarishlarni boshladik. Yangi O‘zbekiston, bu — huquqiy davlat ekanligini yangilangan Konstitutsiyamizda ham muhrlab qo‘ydik”, — dedi davlat rahbari.

“Yagona maqsadimiz — adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali xalqimizni rozi qilishdan iborat”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev oxirgi ikki yil ichida huquq-tartibot faoliyatiga oid qonun (10 ta), prezident farmon va qarorlari (40 ga yaqin), hukumat qarorlari (60 dan ortiq) qabul qilinganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, huquq-tartibot organlari, ayniqsa ichki ishlar xodimlarining oylik maoshi keskin oshirildi va ko‘plab imtiyozlar berilgan. Bevosita “mahalladagi beshligi"(MFY raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektori — “Gazeta.uz”) uchun 30 mingdan ortiq yangi shtatlar kiritilgan.

“Aslida ham, aholining tinchligini ta’minlash mahalladan boshlanishi kerak. Lekin mahallada jinoyatchilikni jilovlash ahvolidan xalqimiz qanchalik rozi?”, — deya savol qo‘ydi prezident.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan olti oyda mahallalarda barvaqt oldini olish mumkin bo‘lgan 12 mingga yaqin jinoyat sodir etilgan.

Qotillik va tan jarohati bilan bog‘liq jinoyatlarning 50 foizi oilaviy-maishiy nizolar va muntazam janjallar oqibatida, o‘g‘rilikning 70 foizi ishsizlik va moddiy yetishmovchilik sabab, yoshlar va o‘smirlar jinoyatlari, asosan, oiladagi muhit va huquqiy savodxonlik yetishmasligi tufayli sodir bo‘lmoqda.

“Ayrim huquq-tartibot idoralari rahbarlari jinoyatchilikni oldini olishda jilovni qo‘yib yuborgan”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Ular orasida shaxsiy manfaatlarini kasbiy majburiyatlaridan ustun ko‘rayotgan, huquq-tartibot idoralarida ishlashga nomunosib bo‘lgan bir qator rahbarlar ham bor”, — dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda mamlakat bo‘yicha kriminogen vaziyat murakkab bo‘lgan, “qizil” toifaga kiritilgan mahallalar eng ko‘p Toshkent shahri, Farg‘ona, Qashqadaryo, Buxoro va Namangan viloyatlariga to‘g‘ri kelgani ko‘rsatib o‘tildi.

O‘tgan olti oyda mahalladagi o‘ta og‘ir va og‘ir jinoyatlar Farg‘ona, Toshkent viloyati, Toshkent shahri, Buxoro, Andijon, Qashqadaryo viloyatlarida eng ko‘p sodir etilgan.

Farg‘ona shahrida o‘g‘rilik, Namangan shahrida bezorilik, Qo‘qon shahrida tan jarohati, Samarqand shahrida nomusga tegish va tovlamachilik, Mirobod tumanida qotillik ko‘p yuz bergan.