28-iyul kuni Farg‘onada Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan yig‘ilishida ishtirok etayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev qator huquq-tartibot idoralari rahbarlarini lavozimdan ozod etdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Jinoyatchilikni jilovlash va aholi bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev, ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Shavkat Раҳмоновга hayfsan berildi va uch oy sinov muddati tayinlandi. Mahallada profilaktika inspektorlari ishini lozim darajada tashkil qilmagani uchun, ichki ishlar vazirining ushbu sohaga mas’ul o‘rinbosari Bekmurod Абдуллаевга ham xuddi shunday jazo berildi.

Ichki ishlar vazirining raqamlashtirish uchun mas’ul o‘rinbosari zimmasiga yuklatilgan birorta vazifa oxirigacha yetkazilmagani ko‘rsatib o‘tildi va shu munosabat bilan vazir o‘rinbosari Najmiddin To‘raxojayev egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Barcha viloyat prokurorlari va IIB boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari o‘ziga tegishli xulosa qilmasa, yil yakuni bilan barchasi lavozimidan ozod etilishi qayd etildi.

Shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurashishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan Sergeli, Yangihayot, Shayxontohur, G‘ijduvon, Kogon, Tuproqqal’a, Taxtako‘pir, Tomdi, Yakkabog‘, Oltinsoy, Zafarobod, Boyovut, Guliston, Mingbuloq, Oltinko‘l tumanlari ichki ishlar boshliqlari ishdan olindi.

Andijon, Bandixon, Buvayda, Narpay, Yunusobod tumanlari prokurorlari egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.