Toshkent viloyatida o‘tgan 6 oyi davomida OIV infeksiyasi bilan kasallangan shaxslar infeksiyani qasddan o‘zga shaxsga yuqtirish bilan bog‘liq 20 ta jinoiy holat aniqlandi. Bu haqda viloyat IIBB o‘zining JQB Axloq va sog‘liqqa qarshi jinoyatlar bilan kurashish bo‘linmasiga tayanib xabar berdi.

Misol uchun, Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi 35 yoshli ikki ayol OIV kasalligi bilan ro‘yxatda turib, qonuniy ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramay 2023-yil iyun oyida 35 va 53 yoshli shaxs bilan jinsiy aloqada bo‘lgani va bu orqali ushbu shaxslar va boshqalarning hayotini xavf ostida qoldirgani aniqlangan. Shaxslar protsessual ushlangan.

Shu kabi Angren shahrida yashovchi 24−43 yosh orqasidagi uch nafar ayol va bir nafar erkak ham OIV kasalligi bilan ro‘yxatda turib, qonuniy ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramay o‘zga shaxs bilan jinsiy aloqada bo‘lgani aniqlangan va tegishli tartibda ushlangan.

Aniqlangan barcha holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 113-moddasi (tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakati olib borilmoqda.