28-iyul kuni Farg‘onada Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan yig‘ilishida ishtirok etayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda viloyatda 11 yoshli qizchaning murdasi zo‘rlash va qotillik alomatlari bilan topilganini tilga oldi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Davlat rahbari voqea haqida gapirar ekan, “Bu holat vaziyat qanchalik og‘irligini ko‘rsatib turibdi”, — deya ta’kidladi.

20-iyul kuni Farg‘ona shahridagi qurilishi tugallanmagan bino yonidan 11 yoshli qizchaning murdasi zo‘rlash va qotillik alomatlari bilan topilgandi. 17 yoshli gumonlanayotgan shaxs qo‘lga olingan.

Yig‘ilishda ayrim mahallalarda xotin-qizlar faollari instituti kutilgan natijani bermayotgani qayd etildi.

Davlat rahbari yangi tuzilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi doirasida har bir tumanda ijtimoiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatlar markazlari, psixolog, huquqshunos, ijtimoiy xodimdan iborat “mobil guruhlar”, zo‘ravonlikka uchragan ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Koll-markazlar” tashkil qilishni topshirdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, o‘tgan 6 oyning o‘zida turli nizolar tufayli 600 dan ziyod jinoyat sodir etilgani ta’kidlandi. Qiyin ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar uchun huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish xizmatini kengaytirish vazifasi qo‘yildi.

Agentlik viloyat hokimlari bilan birga yil yakuniga qadar barcha hududlarda aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatuvchi “Inson” markazlarini ishga tushiradi.

Ayollar jinoyatchiligining 40 foizga yaqini ishlamaydigan yoki doimiy band bo‘lmagan xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan. Bundan tashqari, jinoyatdan 2,7 mingga yaqin, oilaviy zo‘ravonlikdan 20 mingga yaqin ayollar jabr ko‘rgan.