Toshkentdagi yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardan birida 32 yoshli ayolning jasadi topilgan lift bir necha kun davomida nosoz holatda turgan. Ushbu lift tez-tez ishdan chiqib turgan, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi liftni o‘rganish natijalari va muqimlardan olingan ma’lumotlar asosida.

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uy liftida 27-iyul kuni ayol kishining jasadi topilgan edi. U 24-iyul kuni soat taxminan 14:50 larda ko‘p qavatli uyning liftiga kirib, qayta chiqmagan. 26-iyul kuni marhumaning yaqin qarindoshlari tomonidan ichki ishlar idorasiga bedarak yo‘qolgani yuzasidan xabar berilgan.

Tekshirish davomida ushbu lift bir necha kundan buyon ishlamayotgani, oldin ham ishlamay qolishi holatlari ko‘p marotaba bo‘lgani haqida muqimlar tomonidan tushuntirishlar berilgan. Shifokorlarning dastlabki tibbiy ma’lumotnomasiga ko‘ra, marhumaning o‘limiga yurakning ishemik kasaligi, o‘tkir yurak, qon-tomir va nafas yetishmovchiligi sabab deb ko‘rsatilgan.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi lift elektr ta’minotidagi uzilishdan keyin to‘xtab qolganini ma’lum qildi. Qo‘mita dastlabki bosqichda liftning xavfsizlik moslamalari holatini ko‘zdan kechirgan va uning ish holatida ekanini qayd etgan, deyiladi xabarda.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, uy 2020-yilda Lotus Gaz Invest (2005-yilda ro‘yxatdan o‘tgan, Real House brendiga egalik qiladi) tomonidan qurilgan. Liftning o‘zi esa 2021-yilda Xitoyning Aoyama Elevator Global kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, yuk ko‘tarish quvvati 630 kg. Lift Arena Avto Trans Servis tomonidan o‘rnatilgan va 2022-yilda quruvchiga topshirgan.

“Qurilish tashkiloti va uy-joy shirkatiga liftni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun inspeksiyaga murojaat qilmagan, [lift] ishga tushirilmagan”, — deyiladi xabarda.

Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi matbuot kotibi Faxriddin Nuraliyev “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida o‘sha kunlarda uyda elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lmaganini bildirdi.

“Buni dispetcherlik xizmatining favqulodda o‘chirilishlar to‘g‘risidagi qaydlari tasdiqlaydi, — dedi u jurnalni ko‘rsatib. — Hodisaga liftning nosozligi sabab bo‘lgan. Buni uyda yashovchilar ham tasdiqlashdi”.