28-iyul kuni Farg‘onada Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan yig‘ilishida ishtirok etgan prezident Shavkat Mirziyoyev 15 ta tuman IIB boshliqlari va 5 ta tuman prokurorlarini lavozimidan ozod qildi. Ishdan olingan huquq-tartibot idoralari rahbarlari orasida Bandixon tumanining so‘kong‘ich prokurori Soatmurod Maxmanov ham bor.

Avvalroq Surxondaryo viloyati Bandixon tumani prokurori Maxmanovga tegishli ekani aytilayotgan audio tarqalgandi. Prokuror tumandagi MFY raislariga ularning xizmat vazifalariga, vakolatlariga kirmaydigan — aholidan soliq to‘lovlarini undirish vazifasini yuklab, so‘roqqa tutib, do‘q-po‘pisa va haqorat qilib, kamsitgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan audioda tuman prokurori oldidagi odamlarni uyatsiz so‘zlar bilan haqorat qilib, so‘kingani aks etgan.

Audio bo‘yicha viloyat prokuraturasi rasmiy munosabat bildirarkan, tarmoqlarda tarqalayotgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon qayerda va qanday holatlarda yuz bergani hamda boshqa holatlar o‘rganilayotganini ma’lum qilgandi.

“Mushtum” jurnali tahririyatining Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayanib ma’lum qilishicha, Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Bandixon tuman prokurorining xatti-harakatlari yuzasidan o‘tkazilgan tekshirish natijasiga ko‘ra, Soatmurod Mahmanovga nisbatan intizomiy jazo qo‘llangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish, ya’ni haqorat uchun javobgarlik belgilangan. Biroq, shunga qaramasdan, odamlarni haqorat qilgan prokurorga nisbatan ma’muriy ish ochilmagan.

Bundan tashqari, “Mushtum” jurnali 12-iyul kuni ayni shu prokuror Soatmurod Maxmanov fermer Chori Pirimqulovning murojaatini e’lon qilgan. Unda aytilishicha, prokuror Chori Pirimqulovni majlisga kech kelgani uchun haqorat qilgan va kaltaklagan.