Jurnalist Abduqodir Mo‘minov ishi yuzasidan JIB Mirobod tumani sudida 25-iyul kuni boshlangan sud majlisi, qisqa tanaffusdan so‘ng, 27-iyul kuni o‘z ishini davom ettirdi. Unda 8 nafar jabrlanuvchining ko‘rsatmalari tinglandi.

Navbatdagi sudda ishtirok etganlarning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, dastlab so‘roq qilingan jabrlanuvchi Z.E. g‘isht zavodi bilan bog‘liq muammoga duch kelgani uchun Abduqodir Mo‘minovni izlab topib, u bilan 10 ming dollarlik kelishuvga erishganini aytdi. U oldindan 3800 dollar berib, g‘isht zavodi bilan bog‘liq muammoli holat haqida jurnalistik surishtiruv o‘tkazib berishni so‘ragan.

“Abduqodir Mo‘minov bilan bir tanishim orqali Toshkentda tanishib qolgandik. Shundan so‘ng uni Jizzaxga chaqirdim. Bizda g‘isht zavod bilan bog‘liq muammo bor edi. Umumiy hisobda 10 ming dollarga og‘zaki kelishdik va shu pul evaziga muammo yuzasidan jurnalistik surishtiruv qilib berishi kerak edi. Boshidan 3000 dollar, keyin bir marta 500 va yana uch marta 100 dollardan, jami 3800 dollar berdim. Shu videoni YouTube`da 15 kunmi yoki bir oymi qo‘yib, keyin olib tashladi. Telefonlarimga javob bermay qo‘ydi. Kerakli „zapislar“ bor edi, uni ham bermadi”, — deydi jabrlanuvchi.

Fuqaroning iddaosiga javob berar ekan, Abduqodir Mo‘minov 3800 dollarlik ayblovni rad etdi. Ammo ushbu fuqarodan mehnati uchun 600 dollar va avtomobili uchun akkumulyator olganini tan oldi.

abдuқодир мўминоv, bloger, жuрнaлист, sud

“Bu materialni yozish uchun 500 yoki 600 dollarga kelishgandik. Materialni tayyorlash uchun Jizzaxga borib, o‘rganish olib bordim. Maqola tayyor bo‘lgach, bu kishiga „500 dollar jo‘nating, faqat beraman, beraman deb yuribsiz, lekin shu kungacha bermadingiz dedim“. Keyin taksidan berib yuborgan ekan, ayolim bilan birga chiqib, shu pulni olganmiz”, — deya esladi ayblanuvchi.

“Darvoqe, Jizzaxga borganimizda viloyat IIB binosi oldida mashinam o‘t olmay qoldi. Akkumulyatori o‘lib qolgan ekan. Shunda yangi akkumulyator olib kelishdi. Mashinamga qo‘yib, o‘t oldirdim va bularga „hisobli do‘st ayrilmas aka, akkumulyator puli qancha bo‘ldi, hozir bunga yetadigan pulim yo‘q, lekin Toshkentga borib, plastikka tashlab yuboraman“ dedim. Shunda „yo‘q, kerakmas, ishlatib yuravering“ degach, „xo‘p, rahmat“ dedim. Qayerdan bilaman, ayni kunga kelib, mashinasiga akkumulyator ham qo‘yib bergandim deyishini. O‘sha payt buni bilganimda pulini to‘lagan bo‘lar edim”, — dedi Abduqodir Mo‘minov.

Sudlanuvchining aytishicha, u jabrlanuvchidan dastlab 500 dollar, keyin yana 100 dollar, jami hisobda 600 dollar olgan. 3800 dollar haqidagi gap yolg‘on.

“Bu kishi haqidagi material YouTube`ga qo‘yilgach, ko‘p o‘tmay qoidabuzarlik bo‘lgani haqida ogohlantirish keldi. Qolaversa, mazkur video izohida ham muammoli holatlar kelib chiqdi. Ikkinchi tomon bunga e’tiroz qildi. Shu sabab bu videoni o‘chirib yubordim. Men bu kishi bilan materialni bir yil turadi, umrining oxirigacha turadi yoki bir oy turadi deb kelishuv qilmaganman. Bor gap shu”, — deydi Abduqodir Mo‘minov.

abдuқодир мўминоv, bloger, жuрнaлист, sud

Yana bir jabrlanuvchi ayol L.M. Abduqodir Mo‘minovni o‘zi izlab topganini, nohaq ishdan bo‘shatilgani uchun adolat izlab, undan yordam so‘raganini bildirdi.

“Oliy sudda ham huquqlarim tiklangan bo‘lishiga qaramasdan, ish joyimga qaytib tiklashmagan. Shu sabab bularni YouTub`dan izlab topib, o‘zim aloqaga chiqqanman. Yordam so‘raganimda bular shartnoma bergan. Shartnomaga 10 million so‘m deyilgandi. Men shunda hozir 5 mln so‘mini, ishim bitgach, yana qolgan 5 mln so‘mini beraman deb kelishuv qilmaganman”, — dedi jabrlanuvchi.

“Abduqodir Mo‘minov mening ishim yuzasidan jurnalistik surishtiruv olib borib, video tayyorlagan. Lekin shunga qaramasdan ish joyimda meni tinch qo‘yishmagan. Shu sabab bulardan oxirigacha yordam bering deganman. Xullas, bu masala yana sudga o‘tgach, men bulardan tayyorlangan ko‘rsatuv va men bergan fakt, dalillarni berishingizni so‘rayman deganman. Shu sabab bir necha marta telefonlashganimizda viloyatga ketmagan dedi. Videolarni ololmadim. Ammo pul bilan bog‘liq davoim yo‘q”.

“Tekin ishlasak, qanday yashaymiz biz?”

Sudning shu qismida sudya Sardorbek Sodiqov ayblanuvchiga quyidagicha savol bilan yuzlandi: “Abduqodir siz ichki ishlar organi xodimi bo‘lmasangiz, prokuratura bo‘lmasangiz, odamlar muammosi bilan yurib, yana ulardan pul olishdan maqsad nima edi. YouTube`ingizda yetarli darajada o‘quvchi bor ekan, shundan ham tirikchiligingiz yaxshi o‘tayotgan bo‘lgandir. Sizning bu harakatlaringiz qo‘pol qilib aytganda shantaj qilishga o‘xshayaptida?”.

Sudlanuvchi Abduqodir Mo‘minov esa shunday javob berdi: “Blogerlar shartnoma qilib ishlaydi. Tekin ishlasak, qanday yashaymiz biz? Tekin ishlasak, yashab bo‘lmaydiku. Gonorar olishga ham harakat qilganman. YouTube`dan deyarli daromad olmayman. Ko‘pchilik so‘raganda „YouTube`dan olayotgan daromadim bir oylik benzin xarajatimga ham yetmaydi“, deb javob berganman. Men shantaj uchun ishlamaganman. Ochiq ishlashga harakat qilganman. Ammo pul berishsada, shantaj yoki sharmanda qilishni so‘rashsa, o‘sha materialni to‘xtatib qo‘ygan joylarim ham bo‘lgan”.

Sudda so‘z olgan uch nafar jabrlanuvchi M.B., Q.A. va M.I.lar noqonuniy tenderda olib qo‘yilgan fermerlik yeri muammosini olib chiqish uchun blogerga murojaat qilishganini, har biri 5 mln so‘mdan, jami 15 mln so‘m miqdorida pul berishganini, ammo va’da qilingan material chiqarilmaganini aytib, da’vo qildi.

“Bu kishilar yonimga kelganida shartnoma bilan to‘liq tanishing, men prokuror, hokim yoki ichki ishlar xodimi emasman, men muammoni boricha o‘rganib, olib chiqib beraman. Agar kimnidir shantaj yoki provokatsiya qilish niyati bo‘lsa, ishimni shu joyida to‘xtataman dedim. Muammoni o‘rganishga borib, holatni o‘rganayotganimda ulardan biri „nima bo‘lsa ham shularni chiqarib, ikkinchi tomonni sharmanda qilib bering“, deyishgani uchun bu ishdan sovib, yozgim kelmay qoldi”, — deydi sudlanuvchi.

abдuқодир мўминоv, bloger, жuрнaлист, sud

Jabrlanuvchilar esa bu yolg‘on ekanini, bu haqida material chiqmagach, 15 mln so‘m pulini so‘rashganini, ammo bloger “menda olish boru, qaytib berish yo‘q” degan dedi.

Sudya mazkur muloqot davomida sudlanuvchiga yuzlanib, “Abduqodir nega pulni qaytarib bermadingiz”, deb savol berdi. Sudlanuvchi bunga javoban: “Nima bo‘lishidan qat’iy nazar ularning pulini qaytarib berishga tayyorman”.

Sud ishida 1-avgust kuni soat 10:30 gacha tanaffus e’lon qilindi.

“Suddan hozircha qoniqish hosil qilyapman” — Abduqodir Mo‘minovning onasi

Abduqodir Mo‘minovning onasi Sabohat Abdullayeva sudning adolatli va shaffof o‘tayotganini ta’kidladi.

Suddan hozircha qoniqish hosil qilyapman. Boisi, sudda o‘g‘limga tazyiq bo‘lmayapti yoki bunaqa holat deb hech kim aytmayapti. Guvohlarga ham hech kim yon bosmayapti. Prokurorning harakatidan juda qoniqdim. Juda og‘ir-bosiq ekan, barcha holatni tushunib turibdi. Sud haqida esa hozircha biror nima deyolmayman. Hukm chiqargach, bu haqida biror nima deyishim mumkin”, — deydi u.

Abduqodirning onasi o‘g‘li nima uchun advokatlardan birining xizmatini rad etganiga ham aniqlik kiritdi: “Ikki advokat ham yordam bersa yaxshi ediku, ammo mening ko‘nglim sezib turgandi, kelinga ham aytgandim, baribir rad qilsa kerak deb. Buning aniq sababini bilmaymanku, ammo mening fikrimcha, o‘g‘lim advokatlarga ko‘p pul sarflashmasin dedi. Bu haqda Abduqodirdan so‘raganimda „ona bu yerda advokat qiladigan ish yo‘q“, dedi”.

Sabohat Abdullayeva o‘g‘liga davlat tomonidan ajratilgan advokat faoliyatidan ham rozi ekanini aytmoqda. “Bugungisi juda yaxshi, oldingi advokatdan ko‘nglim to‘lmagandi”, — deydi u.

Suhbatdosh o‘g‘lining tashqi ko‘rinishi yaxshi ekani, ammo bu xulosa qilishga yetarli emasligini aytdi.

“Men shifokorman, faqat tashqi ko‘rinishdan bilib bo‘lmaydi. Nasib etsa, eson-omon chiqsa, qon topshiriladi. Jigar va buyrak tekshiriladi. O‘pkasi rentgen qilinadi. Shundan so‘ng xulosa qilsak bo‘ladi. Hozir ko‘rib xulosa qilganim, qoni biroz kamaygan, kamida 10 kilo vazn tashlagan. Ozib qolgan. Kayfiyatida tushkunlik bor. Shu sabab ko‘p narsalarni eslolmayapti. Balki bu ancha vaqt bir o‘zi o‘tirgani, hech kim bilan aloqa bo‘lmagani va tushkunlikdaligi uchundir”, — deydi onasi.

Abduqodir Mo‘minovning onasi ko‘pchilik jabrlanuvchilar o‘g‘liga pul berganini aytib, da’vo qilayotganini, ammo o‘g‘li borini tan olib, yolg‘onlarini rad etayotganini qayd etib, “Biz ko‘pchilikmiz, mening 8 nafar aka-ukam bor. Katta o‘g‘limning mashinasi bor, sigirlarimiz bor. Abduqodir tan olganini to‘lab berishga qurbimiz yetadi”, — deydi Sabohat Abdullayeva.

Eslatib o‘tamiz, YouTube platformasidagi 247 ming obunachiga ega “Ko‘zgu” sahifasi muallifi, bloger Abduqodir Mo‘minov (1990-yilda tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining:

  • 141−1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari;
  • 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi;
  • 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlari, 4-qismi “a” bandi;
  • 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi;
  • 28, 211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

U 2021-yil oktabr oyida sodir etilgan firibgarlik va tovlamachilikda gumonlanib, fevral oyida hibsga olingandi.