Yevropa va Markaziy Osiyodagi bolalarning qariyb yarmi (92 mln) haddan tashqari issiqlik ta’siriga duchor bo‘ladi, bu esa dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) hisobotida aytiladi.

“Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari iqlim inqirozi jaziramasini boshdan kechirmoqda, bunda bolalar salomatligi va farovonligi eng ko‘p aziyat chekmoqda”, — deya ma’lum qildi YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Rejina De Dominitsis.

Hisobotda qayd etilishicha, bolalar issiqlik to‘lqinlari ta’siriga ayniqsa zaif qatlam, chunki ularning tana harorati kattalarnikidan ancha tez ko‘tariladi. Chaqaloqlar va yosh bolalar eng ko‘p xavf ostida. Issiqlik bolalarda jiddiy kasalliklar xavfini oshiradi, shuningdek, mashg‘ulotlar paytida ularning diqqatni jamlashlariga ta’sir qiladi.

YUNISEF prognozlariga ko‘ra, 2050-yilga borib harorat 1,7 darajaga ko‘tarilishining eng konservativ ssenariysiga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyodagi barcha bolalar ekstremal issiqlik ta’siriga tushadi.

Mutaxassislarning fikricha, kelgusi yillarda mintaqada jazirama to‘lqinlar tez-tez sodir bo‘ladi. Masalan, Markaziy Osiyoda 60 yil ichida issiqlik to‘lqinlarining chastotasi 30 foizga oshgan.

YUNISEF Yevropa va Markaziy Osiyo hukumatlarini zudlik bilan chora ko‘rishga va 2025-yilgacha iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun ajratiladigan mablag‘ni ikki barobarga oshirishga chaqirdi.

“Kelajakda surunkali issiqlik ta’siridan qochish, uni boshqarish va chidamlilikni oshirish qobiliyati hozir qabul qilingan qarorlarga bog‘liq bo‘ladi… Aholi zich joylashgan shaharlarda yashovchilar issiqlik to‘lqinlarga ayniqsa zaif bo‘lishi mumkin. Daraxtlari siyrak, ko‘chalari keng va qurilishlari zich shaharlar ayniqsa ko‘proq qiziydi”, — deyiladi hisobotda.