2022-yilning kuzida Termizning sobiq hokimi Isroil Xudoyberdiyev va uning ikki o‘rinbosari, qolaversa, yana bir qancha mansabdorlarga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Termiz shahar sudida 15-martdan boshlab ko‘rilayotgani, jinoyat ishi doirasida jami 18 nafar ayblanuvchi hamda 200 nafarga yaqin javrblanuvchi va guvohlar ishtirok etayotgani haqida xabar bergandik.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidovning ma’lum qilishicha, 27-iyul kuni mazkur ochiq sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilindi.

Hukmga ko‘ra, Termizning sobiq hokimi Isroil Xudayberdiyev Jinoyat kodeksning

  • 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi;
  • 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 1-qismi, 2-qismi “a” bandi;
  • 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi;
  • 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi, 2-qismi “a” bandi;
  • 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandi;
  • 229−4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari;
  • 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil 6 oy muddatga davlat tashkilotlarida mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Qolgan 17 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 25-,167-, 168-, 184-, 28-, 205-, 205-, 206-, 28-, 209- va 229−4-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Ularga tegishliligi bo‘yicha jarima, 1 yil 9 oy 15 kundan 2 yil 3 oygacha axloq tuzatish ishlari va 3 yil 6 oydan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi.

“Ushbu hukmdan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Surxondaryo viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi”, — deyiladi Oliy sud axborotida.