Andijon viloyati IIBning bir qancha mansabdor shaxslari va MIBning Andijon shahri bo‘limi xodimi Jinoyat kodeksining 2 moddasi bo‘yicha sudlanmoqda. Bu haqda oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Baliqchi tumani sudida

  • 40 yoshli M.M. (viloyat IIB Moliya va moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari — moliya ta’minot xizmati boshlig‘i lavozimida ishlagan);
  • 40 yoshli D.A. (viloyat IIB Moliya ta’minot xizmati boshlig‘i o‘rinbosari — buxgalteriya hisobi va hisobot bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan);
  • 36 yoshli Sh. M. (viloyat IIB Moliya va moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi moliyaviy ta’minot xizmati buxgalteriya hisobi va hisobot bo‘limi hisobchisi lavozimida ishlagan);
  • 39 yoshli Sh. A. (MIB Andijon shahri bo‘limida davlat ijrochisi lavozimida ishlagan)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.

Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Dastlabki ayblov xulosasiga ko‘ra, jinoyat oqibatida jami 5,6 mlrd so‘mdan ziyod miqdorida mablag‘ talon-toroj qilingan.