Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida Zara va Columbia brendlari ostida kiyim-kechak ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Hokimlik vakillari mazkur loyihani Turkiya sarmoyasi ishtirokidagi Medex Textile xorijiy korxona rahbari Yavuz Orxan bilan muhokama qilgan.

zara

Foto: Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati

Loyiha ikki bosqichda — dastlab trikotaj gazlamalar ishlab chiqarish va bo‘yashni yo‘lga qo‘yish, so‘ngra tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 25 million dollarga baholanmoqda.

Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, loyiha doirasida 500 ta yangi ish o‘rni yaratish, yiliga 20−30 mln dollarlik mahsulot eksport qilish mo‘ljallanmoqda.

Paxta tolalarini tayyorlash va yigirish bilan shug‘ullanuvchi Medex Textile korxonasi 2013-yilning noyabr oyidan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Korxona ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 80 foizi Rossiya, Turkiya, Ukraina, Polsha, Xitoy va Vengriyaga eksport qilinadi. Ustav kapitali 6,75 million dollar bo‘lgan kompaniya ta’sischilari Demezoglu Tekstil Ve Insaat Sanayi Ticaret AS va Mehmet Demez o‘g‘li hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq portfeliga Inditex guruhining Zara, Zara Home, Massimo Dutti, Bershka, Pull & Bear, Oysho va Stradivarius kabi brendlari kiruvchi Cenomi Group O‘zbekiston bozoriga kirishi xabar qilingandi. U Tashkent City Mall loyihasida taqdim etilishi mumkin.