24-iyul kuni toshkentlik taniqli fotojurnalist Yuriy Korsunsev og‘ir xastalikdan so‘ng 54 yoshida vafot etdi.

O‘tgan yillar davomida u turli tahririyatlar, jumladan, bir necha yil “Gazeta.uz” va Afisha.uz bilan hamkorlik qilib, ushbu nashrlar uchun yuzlab fotoreportajlar tayyorlagan — QVZ chiqishlari, konsertlar, ko‘rgazmalar va sport musobaqalaridan tortib, hayotiy hikoyalar, intervyular, zavodlarning tantanali ochilishlari hamda shahar va qishloq manzaralarigacha.

Har doim tabassum qilib turadigan, kamtar, serqirra ijodkor istalgan vaqtda topshiriqlarni bajarishga tayyor edi, yoritiladigan mavzularning ko‘pini o‘zi mustaqil ravishda tanlardi.

Tahririyatimizni tark etgandan keyin ham Yuriy vaqti-vaqti bilan turli tadbirlardan qiziqarli kadrlarni yuborishda davom etgan.

“Gazeta.uz” Yuriy Korsunsevning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi. Fotojurnalistning vafotidan nafaqat uning hamkasblari, balki ko‘plab o‘quvchilar ham qayg‘uda.