O‘zbekiston viloyatlari rasmiylari sovuq suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun tariflar oshishi haqida xabar bera boshladi.

“O‘zsuvta’minot” kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 20-avgustdan boshlab Toshkent viloyatida tariflar oshirilgan. Yangi narxlar xalq deputatlari viloyat kengashining 19-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan.

“Toshkent suv ta’minoti” korxonasi abonentlari uchun aholiga suvning kubometri tarifi 950 so‘mdan 1700 so‘mga (QQSsiz), budjet va ulgurji tashkilotlari uchun 4000 so‘mdan 7000 so‘mgacha oshiriladi.

Aholi uchun oqova suv xizmatlari tarifi 1 kubometr uchun 700 so‘mdan 850 so‘mga (QQSsiz), budjet va ulgurji tashkilotlari uchun 1300 so‘mdan 1850 so‘mga oshirildi.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi “Chimyon-Chorbog‘ suv ta’minoti” va “Musaffo obi hayot” korxonalari abonentlari uchun ham tariflar oshirilmoqda.

Avvalroq “Surxondaryo suv ta’minoti” korxonasi Surxondaryo viloyatida 1-avgustdan tariflar oshirilishini ma’lum qilgan edi. Aholiga suv uchun tariflar 1 kubometr uchun 1150 so‘mdan 2140 so‘mga, kanalizatsiya uchun esa 650 so‘mdan 950 so‘mga ko‘tarilgan (QQSsiz).

1-avgustdan Qashqadaryo viloyatida ham tariflar oshirildi — ichimlik suvi uchun 1000 so‘mdan 2000 so‘mga va kanalizatsiya uchun 950 so‘mdan 1000 so‘mgacha.

Toshkent shahrida hozircha tariflar oshishi haqida xabar berilganicha yo‘q.