Farg‘ona viloyatida daraxtlarni noqonuniy ravishda kesib tashlash holatlari aniqlandi, deya xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura tomonidan Ekolgiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyati hududida olib borilgan o‘rganishda, Norin-Farg‘ona irrigatsiya tizimidagi Katta Andijon kanali qirg‘og‘ida o‘sib turgan 1213 tup daraxt joriy yilning yanvar-fevral oylarida “Bag‘dodmaxsussuvpudrat” MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalar tomonidan qasddan kesib tashlanib, o‘simlik dunyosiga 4,6 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.

Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda ichki ishlar organi tomonidan dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Bosh prokuratura tomonidan mazkur jinoyat ishi tergovi ustidan nazorat o‘rnatilgan.