YUNESKO (Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat agentligi) sinflardagi buzilishlarni bartaraf etish, o‘qishni yaxshilash va bolalarni kiberbullingdan himoya qilish uchun maktablarda smartfonlarni taqiqlashga chaqirdi, deb yozmoqda The Guardian tashkilot hisobotiga tayangan holda.

Hisobotda, The Guardia nashrining yozishicha, o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasining pastligi mobil telefonlardan ko‘p foydalanish bilan bog‘liq bo‘lib, ekranga uzoq muddat tikilib turish esa bolalarning hissiy barqarorligiga salbiy ta’sir qiladi.

YUNESKOning ta’kidlashicha, texnologiya “dastavval ta’lim uchun mo‘ljallanmagan”, shuning uchun u insonga yo‘naltirilgan konsepsiyaga mos kelishi va o‘qituvchi bilan bevosita muloqot o‘rnini egallamasligi kerak.

Hisobotda aytilishicha, texnologiya millionlab odamlar uchun ta’lim imkoniyatlarini ochish potensialiga ega bo‘lsa-da, elektr energiyasi va qurilmalardan foydalanish mamlakatlar doirasida va mamlakatlar o‘rtasida juda o‘ta noteng taqsimlangan.

“Raqamli inqilob beqiyos salohiyatga ega, ammo… ta’limda undan qanday foydalanishga e’tibor qaratish kerak”, dedi YUNESKO Bosh direktori Odri Azule. “Texnologiyalardan foydalanish o‘quv jarayonini takomillashtirishga hamda o‘quvchilar va o‘qituvchilarning manfaatlariga qaratilgan bo‘lishi kerak, ularning zarariga emas”.

YUNESKO dunyo bo‘ylab 200 ta ta’lim tizimini tahlil qilgan holda, har to‘rt mamlakatdan birida smartfonlar maktablarda qonun yoki hukumat tomonidan taqiqlanganini taxmin qilmoqda. Ular orasida 2018-yilda o‘z siyosatini joriy etgan Fransiya va 2024-yildan boshlab cheklovlar joriy etayotgan Niderlandiya ham bor.